Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Travmatologiya va ortopediya xizmati koʻrsatishga ehtiyoj ortmoqda
19:31 / 2019-09-11

Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasining kengaytirilgan yigʻilishi oʻtkazildi.


Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasining kengaytirilgan yigʻilishi oʻtkazildi.

Unda Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi rahbarining “Aholiga travmatologiya va ortopediya xizmati koʻrsatishning xolati toʻgʻrisida”gi axboroti eshitildi.

Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda sogʻliqni saqlash sohasini isloh qilishga qaratilgan davlat dasturlari, turli chora-tadbirlar amalga oshirilishi natijasida yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatishning prinsipial jihatdan yangi tizimi tashkil etildi. Jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ham ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamning zamonaviy talablarga javob beradigan samarali tizimini yanada takomillashtirish, profilaktika va kasalliklarni barvaqt aniqlash choralarini koʻrish borasida qator ishlar qilindi.

Joriy yilda markazning xalqaro standartlarga mos tarzda rekonstruksiya qilingan, zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan binosi ishga tushirildi. Shuningdek, markazda havoni laminar tozalovchi zamonaviy operatsion blok, eng yangi uskunalar bilan jihozlangan reanimatsiya, nurli va funksional boʻlimlar hamda markaz klinikasida yangi boʻlim – qoʻl va oyoq panjalari xirurgiyasi boʻlimi tashkil etildi.

Bundan tashqari, markaz magnit-rezonansli tomografiya, kompyuter tomografiyasi, vertebro va nukleopolastika bajarish uchun uskunalar, raqamli rentgen, rentgendensitometr, ultra tovush tekshiruv apparatlari, dopplerografiya uchun apparatlar, zamonaviy biokimyoviy analizator va boshqalar zarur zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi.

Aholi va xodimlarga qulaylik yaratish maqsadida hujjat yuritishning elektron tizimi ishga tushirildi. Bemorlarning markaz konsultativ poliklinikasida onlayn navbat, viloyat markazlari bilan videokonferensiya oʻtkazish uchun sharoit yaratildi. Bugungi kunda markaz tizimidagi vrach mutaxassislarning malaka oshirishi, tajriba almashishiga, chet eldagi tibbiyot muassasalari bilan olib borilgan boshqa hamkorlik masalalariga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Markaz rahbari, tibbiyot fanlari doktori Mirhakim Azizovning axborotida qayd etilganidek, 2019-yil 6 oy davomida davolangan 4 ming 31 bemordan 16 foizida imtiyozli jarrohlik operatsiyasi oʻtkazilgan. 2019-yilda tibbiyot turizmi yoʻnalishi boʻyicha yaqin xorij mamlakatlaridan kelgan 700 ga yaqin bemorga tibbiy xizmat koʻrsatilgan. Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan hududlarga chiqqan holda joylarda tibbiy xizmati ahvolini yanada yaxshilash, bemorlarga malakali yordam koʻrsatish borasidagi ishlarga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, markaz mutaxassislari muntazam hududlarga chiqib, joylarda bemorlarni koʻrikdan oʻtkazmoqda.

Yigʻilishda markaz faoliyati bilan bogʻliq bir qator muammolar ham atroflicha muhokama qilindi. Qayd etilishicha, respublikadagi travmatizm darajasi yil sayin oshmoqda. Bu nafaqat yurtimiz, balki jahon travmatizmi uchun tegishli holatdir. 2013-yil mamlakatimizda har 100 ming aholiga 3 ming 160,7 shikastlanish roʻyxatdan oʻtgan boʻlsa, 2018-yil yakuni boʻyicha bu koʻrsatkich 3 ming 699,4 tani tashkil etdi. Travmatizmning yuqori koʻrsatkichlari asosan yirik shaharlarda yashaydigan, texnologik rivojlangan hududlarda, xususan, Toshkent shahri, Buxoro, Namangan, Andijon, Samarqand, Xorazm viloyatlari markazlarida qayd qilingan.

Ayni paytda travmatologiya va ortopediya amaliyoti uchun zarur yoʻnalish – suyak transplantologiyasi masalalari uchun qonunchilik bazasini yaratish muhim vazifalardan biri boʻlib qolmoqda.

Yigʻilishda sohada yana bir jiddiy muammo – bemorlarga endoprotez qoʻyish masalasiga eʼtibor qaratildi. Qayd etish joizki, bugungi kunda bemorlarga qoʻyiladigan endoprotez vositasini sotib olish uchun harajatlar byudjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilmaydi. Bemorlar oʻz hisobidan sotib olib kelgan endoprotezlar markazda oʻrnatib beriladi. Koʻplab bemorlar endoprotezlar ishlab chiqarilgan davlatga qarab, turlicha, asosan qimmat ekanini bildirmoqda.

Shu munosabat bilan, chet el tajribasini oʻrgangan holda Sogʻliqni saqlash vazirligi tegishli, vazirlik va idoralar bilan birgalikda bemorlarni shu kabi boshqa tibbiyot vositalar bilan taʼminlashda qulayliklar yaratishga doir amaliy choralar koʻrish lozimligi taʼkidlandi.

Bundan tashqari, sohani malakali kadrlar bilan taʼminlash masalasi mamlakatimizda aholiga travmatologiya va ortopediya xizmatini koʻrsatishga oʻzining salbiy taʼsirini koʻrsatayotgan muammolardan biri boʻlmoqda.

Tadbirda ushbu masalalar boʻyicha tegishli vazirliklar mutaxassislari fikr-mulohazalari eshitildi. Bu borada mavjud muammolarni xal qilish maqsadida tegishli choralar koʻrish tavsiya qilindi. Qoʻmitaning aholiga sifatli travmatologiya hamda ortopediya xizmati koʻrsatishni kengaytirish yuzasidan qarori qabul qilindi.