English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Travmatologiya va ortopediya sohasida erishilgan yutuqlar
19:42 / 2024-02-20

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida bemorlarga yuqori sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratilib, odamlar hayotini yengillashtirish uchun muhim yechimlar topilmoqda. Travmatologiya va ortopediya yordami xizmati ham xalqaro talablarga to‘liq javob beradigan yuqori sifatli innovatsion sektorga aylantirilmoqda.

Oxirgi 5 yil ichida travmatologiya va ortopediya sohasida sezilarli ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi. Soha bo‘yicha vertikal tizimning joriy etilishi, barcha viloyat markazlarida filiallarning tashkil qilinishi, hududlarda faoliyat olib borayotgan mutaxassislar malakasining oshirilishi, hududlar tibbiyot muassasalarining zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlanishi ortopedik kasalliklarni erta aniqlash va o‘z vaqtida davolash imkoniyatini berdi. 

Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida ortopedik kasallanish ko‘rsatkichlarining yil sayin kamayishi kuzatilmoqda. Bu ko‘rsatkichlar 2016 yilda har 100 ming aholiga 1020,7 ni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilda 724,4 ni tashkil qildi. 

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, kattalar ortopedik kasalliklari strukturasida yirik bo‘g‘imlar artrozlari va umurtqa pog‘onasi osteoxondroz va uning oqibatlari birinchi o‘rinlarda turadi. 

Bolalar ortopedik kasallanish strukturasida esa eng ko‘p uchrovchi tug‘ma nuqsonlar sirasiga chanoq-son bo‘g‘imi displaziyasi va son suyagining tug‘ma chiqishi kasalligi, tug‘ma bo‘yin qiyshiqligi va tug‘ma maymoqlik kiradi. Soha bo‘yicha oxirgi yillarda hududlarda erta diagnostika va konservativ davolash yo‘lga qo‘yilgani sababli operatsiyalar soni 75 foizga kamaydi. Bu ko‘rsatkichni yanada kamaytirish uchun 2023 yildan boshlab yangi tug‘ilgan barcha chaqaloqlarda ultratovush tekshiruvi orqali displaziyani erta aniqlash tizimi joriy etila boshlandi. Shu vaqtgacha Surxondaryo, Andijon, Namangan, Xorazm va Jizzax viloyatlarida sayyor sikllar tashkil etildi. Mazkur sayyor sikllarda jami 36 nafar viloyat UTT shifokorlarga displaziyani ultratovush yordamida tashxislash o‘rgatildi. 

Bundan tashqari Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida 2023 yilga mo‘ljallangan uzluksiz kasbiy ta’lim tizimida tibbiyot kadrlarining mavsumiy malakasini oshirish kurslari kalendar rejasiga asosan uzun naysimon suyaklar sinishlarini zamonaviy operativ usullarda davolash, bolalarda maymoqlikni Ponseti usulida davolash, travmatologik va ortopedik operatsiyalarda ultratovush navigatsiyasi yordamida periferik nervlarning blokadasi (regionar anesteziya), yirik bo‘g‘imlarni endoprotezlash va artroskopiyasi kabi dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha 36 va 72 kreditli sikllarda O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston Respublikasidan jami 100 nafar mahalliy va xorijiy mutaxassislar malakasini oshirdi. 

Natijada, 2016 yilda endoprotezlash faqat 5 ta, artroskopiya esa 2 ta viloyatda bajarilgan bo‘lsa, hozirgi kunda travmatologiya va ortopediya sohasida qo‘llaniladigan yuqori texnologiyali endoprotezlash va artroskopiya barcha viloyat markazlarida tatbiq etilgan, BIOS tumanlarda ham keng qo‘llaniladi. 

Viloyatlarda 2019 yilda 692 ta endoprotezlash, 970 ta artroskopik operatsiyalar o‘tkazilgan bo‘lsa, 2023 yilda 3486 ta endoprotezlash, 3500 dan ortiq artroskopik operatsiyalar bajarildi. 

Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida 2019 yilda 1089 ta endoprotezlash, 1438 ta artroskopik operatsiyalar o‘tkazilgan. 2023 yilga kelib bu ko‘rsatkichlar 3026 va 3265 tani tashkil etdi. 2023 yil davomida tizza va yelka bo‘g‘imida bajariladigan yangi zamonaviy artroskopik usullar, chanoq-son bo‘g‘imini kalta oyoqchali endoprotez yordamida total endoprotezlash usuli, tizza bo‘g‘imini unikondulyar endoprotezlash usuli, umurtqa pog‘onasi kasalliklarida endoskopik diskektomiya va orqa miya dekompressiyasi kabi yangi yuqori texnologiyali operatsiyalar tatbiq etildi. 

– O‘zbekistonda birinchi marta bir yarim yashar bolada umurtqa pog‘onasi bilan bog‘liq juda ham murakkab operatsiya bajarildi, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Murodjon Irismetov. – Oxirgi yilda yana bir yuqori texnologiyali operatsiya – umurtqa patologiyasida endoskopik usullarni qo‘llash keng yo‘lga qo‘yilib, 2023 yil davomida umurtqa pog‘onasida 400 ta endoskopik operatsiyalar bajarildi. 

Hozirgi paytda Markaz filiallari va tumanlar bilan telemeditsina aloqasi o‘rnatilgan. 2023 yil davomida telemeditsina orqali hududlar bilan 105 marotaba bog‘lanishda 439 ta tibbiy maslahat, 297 ta konsilium o‘tkazildi. Natijada bemorlarga yashash joyida davolanish imkoniyati yaratildi. 

Yetakchi xorijiy klinikalar bilan hamkorlik o‘rnatish, markazlar o‘rtasida kelishuv memorandumlarini imzolash choralarini ko‘rish, tajriba almashish, travmatologiya va ortopediya markazida yo‘lga qo‘yilgan qulayliklarni xorijiy mutaxassislarga namoyish etish maqsadida markazning jami 81 nafar mutaxassisi 2023 yil davomida Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi, AQSH, Turkiya, Hindiston, Italiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon davlatlarining yetakchi klinikalarida malaka oshirib kelishga va konferensiyalarda ishtirok etishga muvaffaq bo‘ldi. 

Markaz 2023 yil davomida AQSH, Germaniya, Italiya, Xitoy Xalq Respublikasi, Turkiya, Hindiston va Rossiya davlatlari tibbiyot muassasalari bilan jami 14 ta memorandumlar tuzdi. 

Markazda Rossiya, Hindiston, Turkiya, Italiya, Germaniya, AQSH davlatlarining yetakchi xorijiy klinikalardan tashrif buyurgan 100 ga yaqin mutaxassis tomonidan master-klasslar va seminarlar tashkil qilindi. 

– Joriy yil davomida ham hududlarda markazning 70 nafar yetuk mutaxassisi muntazam ko‘riklar uchun safarbar qilinadi, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari Fayzullo Umarov. – 6500 nafar bemor chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi va 575 nafarida yuqori texnologik amaliyotlar bajariladi. Tumanlarda birlamchi bo‘g‘in darajasida tug‘ma ortopedik kasalliklarni erta aniqlash va davolash tizimi joriy etiladi. Hududlarda chaqaloqlarda chanoq-son displaziyasini UTT yordamida erta tashxislash bo‘yicha 35 nafar mutaxassisning malakasi oshiriladi. 75 nafar mutaxassis xorijiy yetakchi klinikalarda malaka oshiradi. Hududlarda chanoq-son bo‘g‘imi displaziyasini UTT yordamida diagnostika qilish usuli tatbiq qilinadi. Shuningdek, Buxoro, Namangan, Andijon viloyatining 8 ta tumanida tizza bo‘g‘imi artroskopiyasi bo‘yicha davolash usuli tatbiq qilinishi rejalashtirilgan. 

Janubiy Koreya Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Hindiston, Belarus Respublikasi yetakchi klinika va markazlari bilan 6 ta hamkorlik memorandumlari imzolash ko‘zda tutilgan. 

Mohigul Qosimova, O‘zA