So‘nggi yillarda mamlakatimizda aholiga transport xizmati ko‘rsatish sifati yanada ortib borayotir. Bu esa sohaga oid qonunchilikni takomillashtirishni ham taqozo etmoqda. Shu yilning 5-fevralida qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga transport xizmati ko‘rsatishni tashkil etish tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ham fikrimiz tasdig‘idir.
Mazkur qonun bilan avvalo, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Xususan, kodeks yangi 113 prim 1, 125 prim 4 va 198 prim 9-modda bilan to‘ldirildi. 113 prim 1-moddaga muvofiq, temir yo‘l transportida va metropolitenda harakat va tashish xavfsizligi talablarini buzish mansabdor shaxslarga va xizmatchilarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Temir yo‘l transportida va metropolitenda harakat va tashish xavfsizligi buzilishi bilan bog‘liq hodisani, u haqidagi ma’lumotlarni qasddan yashirish, xuddi shuningdek ushbu hodisa to‘g‘risidagi axborotni qasddan buzib ko‘rsatish esa mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Temir yo‘l transportida va metropolitenda yo‘lovchilar, bagaj va yuk bagajini tashish qoidalarini buzish mansabdor shaxslarga va xizmatchilarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Yoki “Avtomobil transportida muntazam yo‘nalishlarda yo‘lovchilarni tashish qoidalarini buzish" deb nomlangan 125 prim 4-modda asosida avtomobil transportida yo‘lovchilarni muntazam yo‘nalishlarda tashish huquqini tasdiqlovchi guvohnoma yonida bo‘lmagan holda yo‘lovchi tashish, belgilangan yo‘l haqi tariflarini oshirish, muntazam yo‘nalish bo‘yicha tasdiqlangan qatnov jadvaliga amal qilmaslik, tasdiqlangan yo‘nalish sxemasidan chetga chiqish bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarima bilan jazolanishi belgilandi.
Bundan tashqari, 198 prim 9-moddada O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasining hamda uning hududiy bo‘linmalarining ko‘rsatmalarini bajarmaslik uchun javobgarlik nazarda tutilgan. Bunday huquqbuzarlik sodir etgan fuqarolar bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari, mansabdor shaxslar esa besh baravari miqdoridagi jarima bilan jazolanadi. Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari, mansabdor shaxslarga esa yetti baravari miqdorida jarima jazosi tayinlanadi.
Nodirjon Kimsanov,
jinoyat ishlari bo‘yicha Kosonsoy
tuman sudining tergov sudyasi.