Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Transport xizmati ko‘rsatishni tashkil etish tizimi takomillashtiriladi
15:46 / 2025-08-20

Transportda tashishlarga nisbatan qo‘yiladigan talablar va shartlarga amal qilinishi borasida tashuvchilarning mas’uliyatini oshirish, transport sohasidagi nazorat samaradorligini yanada oshirish uchun ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunchilikni qayta ko‘rib chiqish zarurati yuzaga kelgan.

Shu sababli, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga transport xizmati ko‘rsatishni tashkil etish tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqildi. 

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida mazkur qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi. Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga temir yo‘l transporti va metropolitenda harakat va tashish xavfsizligi talablari hamda yo‘lovchilar, bagaj va yuk bagajini tashish qoidalarini buzganlik uchun jarima solishga sabab bo‘lishini belgilovchi qo‘shimchalar kiritilmoqda.

“Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi hamda “Transport to‘g‘risida”gi qonunlarga ham tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Qo‘mita majlisida Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahri, Kattaqo‘rg‘on va Nurobod tumanlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masala ham muhokama qilindi.

Ushbu masala aholiga munosib yashash sharoitini yaratish, buning uchun muhandislik-kommunikatsiya tizimlari, shuningdek, ijtimoiy soha (maktab, bog‘cha, kasalxona) ob’ektlarini barpo etish, yangi ish o‘rinlarini yaratishda muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Senatorlar tomonidan ta’kidlanganidek, Kattaqo‘rg‘on shahri Samarqand viloyatining geografik nuqtai nazardan shimoliy-g‘arbida joylashgan bo‘lib, bugungi kunda shahar aholisi soni qariyb 95 ming kishini, umumiy yer maydoni 4,4 ming gektarni tashkil etadi.

Shahar aholisining o‘sish sur’ati oxirgi besh yilda har yili o‘rtacha 1,1 ming kishini tashkil etmoqda. Bundan tashqari, Kattaqo‘rg‘on shahrida doimiy ro‘yxatdan o‘tmagan 4 mingga yaqin aholi va talabalar istiqomat qilmoqda. Aholi zichligi 1 kvadrat kilometr maydonga 9,5 kishiga to‘g‘ri kelib, Samarqand viloyati bo‘yicha aholisi eng zich joylashgan hudud hisoblanadi.

Shu bois, Senat qarori loyihasida tegishli chora-tadbirlar nazarda tutilmoqda. Jumladan, Kattaqo‘rg‘on shahar hududini kengaytirish maqsadida unga chegaradosh bo‘lgan Kattaqo‘rg‘on tumanidan 1,9 ming gektar va Nurobod tumanidan 971 gektar, jami 2,9 ming gektar yer maydonini shahar tarkibiga o‘tkazish, shuningdek, Nurobod tumanining Kattaqo‘rg‘on tumani bilan chegaradosh bo‘lgan hududlaridan 600 gektar yer maydonini Kattaqo‘rg‘on tumaniga o‘tkazish nazarda tutilmoqda.

Senatning ushbu qarori nafaqat Kattaqo‘rg‘on shahrining, balki Samarqand viloyatining ham iqtisodiy o‘sishini yuqori darajaga ko‘tarib, aholi jon boshiga daromad miqdorini tez o‘sishini ta’minlashga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.

N.Abduraimova,

O‘zA