Yangi yil arafasida Jizzax shahrida yo‘lovchilarga yangi zamonaviy avtobuslar xizmat ko‘rsata boshladi.
Viloyatdagi “Oybek omad” mas’uliyati cheklangan jamiyati Xitoydan 16 ta zamonaviy avtobus olib kelib, aholiga transport xizmati ko‘rsatishda yana bir qulaylik yaratdi. Mas’uliyati cheklangan jamiyati ushbu avtobuslarni xarid qilishda 940 ming dollar miqdorida bank kreditidan foydalandi.

Har biri 70 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan yangi avtobuslarda yo‘lovchilar uchun qator qulayliklar mavjud. Avtobuslar saloni barcha mavsumlarda yo‘lovchilar qulay - isitish va sovutish tizimlari, kuzatuv kameralari bilan jihozlangan.
Avtobuslardan 2 tasi imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun mo‘ljallanib, pandus va boshqa maxsus moslamalarga ega.

Avtobuslar qatnovini begilangan yo‘nalishlar bo‘yicha yo‘lovchilarni manzilga bepul yetkazib qo‘yishdan boshladi. Shunindek, avtobusning dastlabki yo‘lovchilariga mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Yangi yil sovg‘alari berildi.
T. BEKNAZAROV, O‘zA