Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Transport vositasini mast holatda boshqarmang
13:56 / 2021-06-06

Qashqadaryo viloyat sudi tashabbusi bilan viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasida yo‘l harakati xavfsizligi sohasida qonun ustuvorligini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlarga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.

Viloyat IIB YHXB mas’ul xodimlari va tuman, shahar bo‘limlari ma’muriy amaliyot inspektorlari ishtirok etgan tadbirda viloyat sudi raisining o‘rinbosari O‘.Mamadaliyev va boshqalar mamlakatimizda sud-huquq tizimida olib borilayotgan islohotlar, yo‘l harakati xavfsizligi sohasida qonun ustuvorligini ta’minlash bugunning muhim masalalaridan ekanini ta’kidlab o‘tdi.  

Tadbir davomida yo‘l harakati qoidalarini buzganlik bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishda yuzaga kelayotgan muammolar, yo‘l qo‘yilayotgan xato-kamchiliklar  va ularning yechimi muhokama qilindi. Bu borada sudyalar va ichki ishlar xodimlari o‘z fikrlarini bildirdi.

– Davlatimiz rahbarining 2020 yil 24 iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, joriy yil 1 yanvardan boshlab ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati ma’muriy sudlardan jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga o‘tkazildi, – dedi O‘.Mamadaliyev. – Har bir ishni sudlarga taqdim etish va ko‘rishda ichki ishlar xodimlari va biz – sudyalar ham qonun ustuvorligi va inson huquqlari himoya qilishiga qat’iy amal qilishimiz lozim.

Davra suhbatida transport vositalarini mast holatda boshqarganlik holatlariga alohida e’tibor qaratilib, ushbu toifadagi ishlarni rasmiylashtirish va ko‘rishda, qonuniylikni ta’minlash, yo‘l harakati xavfsizligi xizmati, sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari va sudyalarning mas’uliyatini yanada oshirish lozimligi qayd etildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan besh oyi mobaynida viloyat bo‘yicha 1008 nafar shaxsga nisbatan transport vositasini mast holatda boshqarganligi uchun ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish sudlar tomonidan ko‘rib chiqilgan.

Jumladan ko‘rilgan ishlardan 28 nafar shaxsga nisbatan bo‘lgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish huquqbuzarlik hodisasi yoki alomati yo‘qligi uchun MJtKning 271-moddasi 1-bandiga asosan, 17 nafar shaxsga nisbatan esa boshqa asoslarda harakatdan tugatilgan.

Sudlar tomonidan 963 shaxsga transport vositasini mast holatda boshqarganligi uchun ma’muriy jazo qo‘llash haqida qaror chiqarilgan bo‘lib, shundan 821 nafariga jarima (shu jumladan, 769 nafariga jarima bilan birga tegishli muddatlarga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish) jazosi, 142 nafariga esa ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

O‘lmas Barotov, O‘zA