Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etish muddatini qisqartirish mumkinmi?
14:44 / 2023-03-29

Huquqiy munosabat

Haydovchilarning transport vositalarini alkogolli ichimlikdan, giyovand modda ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mast holda boshqarishi transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qiladi.  

Xo‘sh, bunday paytda shunchaki jarima to‘lab, guvohnomani oldinroq olsa bo‘ladimi? Bu boradagi savollarga Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Muhriddin Shamsiddinov javob berdi.  

–Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 131-moddasiga ko‘ra, haydovchilarning transport vositalarini alkogolli ichimlik sabab, giyovand modda ta’sirida yoki o‘zgacha tarzda mast holda boshqarishi — transport vositasini boshqarish huquqidan bir yilu olti oydan uch yilgacha muddatga mahrum qilib, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.  

 Xuddi shunday huquqbuzarlik transport vositalarini boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxs tomonidan sodir etilgan bo‘lsa — bazaviy hisoblash miqdorining qirq baravari miqdorida jarima solish yoki o‘n besh sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olish mumkin bo‘ladi.  

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 31 maydagi “Davlat ta’lim muassasalari va avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini amalga oshiruvchi boshqa yuridik shaxslarning o‘quv guruhlarini ro‘yxatga olish, shuningdek imtihonlarni o‘tkazish va milliy haydovchilik guvohnomasini berish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomining 37-bandiga ko‘ra, haydovchilarni avtomototransport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi qaror qonunchilikda belgilangan tartibda qabul qilinadi.    

Avtomototransport vositalarini mast holda boshqarganligi uchun boshqarish huquqidan mahrum qilingan shaxslar, milliy haydovchilik guvohnomasini qaytarib olish uchun mahrum qilish muddatidan qat’i nazar, ma’muriy jazo muddati nihoyasiga yetgach, majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari, nazariy hamda amaliy imtihonlar topshirgunigacha malaka oshirishlari shart.  

Bu holda imtihon komissiyasining qaroriga muvofiq boshqarish huquqidan mahrum qilingan biror toifadagi avtomototransport vositalarini boshqarish bo‘yicha, «D» toifasi mavjud bo‘lgan holatlarda «D» toifadagi avtotransport vositalarini boshqarish bo‘yicha amaliy imtihonlar olinadi.    

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 343-moddasiga qaraydigan bo‘lsak, maxsus huquqdan mahrum etish muddatini qisqartirishning asoslari va tartibi berilgan.  

Unga ko‘ra, muayyan muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan yoki ov qilish huquqidan mahrum etilgan shaxs mehnatga halol munosabatda bo‘lishi va namunali xulq-atvori bilan o‘zini ko‘rsatgan taqdirda unga nisbatan jazo qo‘llagan jinoyat ishlari bo‘yicha sud bunday huquqdan mahrum qilish muddatini belgilangan muddatning kamida yarmi o‘tgach va sud tomonidan tayinlangan jarima to‘langach, korxona, muassasa, tashkilot ma’muriyatining iltimosi bilan qisqartirishi mumkin.    

Gulnoza Boboyeva, O‘zA