Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasining yig‘ilishida Transport vazirligining “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosi to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi.
Axborotda ta’kidlanganidek, yo‘l xo‘jaligi isloh qilinib, avtomobil yo‘llarining texnik holati raqamlashtirilgan holda nazorat qilinmoqda. Resurslardan oqilona foydalanish va ish sifatini oshirish maqsadida “Yo‘l ta’mirlash punkti” axborot tizimi ishga tushirilgan.

2024 yilning o‘zida 53 ming 761 dona yangi yo‘l belgilari o‘rnatilgan. Shu bilan birga, yo‘l harakatini tartibga solish maqsadida 136 ta yangi svetofor ob’ekti qurilgan va mavjudlari rekonstruksiya qilingan, 31 ta elektron tablolar o‘rnatilgan.

Eshituv davomida aviatashuvchilarga mahalliy yo‘nalishlardagi aviaqatnovlar chipta narxining bir qismini qoplash uchun davlat byudjetidan ajratilayotgan subsidiyalar masalasi ham muhokama etildi.

Shuningdek, avtomobil yo‘llarida transport vositalari va piyodalarning xavfsiz harakatini ta’minlash bo‘yicha vazifalarning joylardagi ijrosi yuzasidan jamoatchilik nazorati natijalari atroflicha ko‘rib chiqildi. Sohada amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi.
M.Komilova, O‘zA