Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Transport va logistika sohasida raqamli transformatsiya: TDT tajribasi
11:20 / 2025-11-11

Bilasizmi, XXI asrda transport faqatgina jismoniy infratuzilma bo‘lmay qoladi, relslar, asfalt va terminallar ortida raqamli platformalar, algoritmlar va axborot aloqalari turibdi. Yuk oqimlarining samaradorligi, savdoning barqarorligi va pirovardida butun mintaqalarning raqobatbardoshligi ushbu aloqalarning tezligi va shaffofligiga bog‘liq.

Turkiy davlatlar tashkiloti mamlakatlari uchun – transportning raqamli transformatsiyasi nafaqat texnologik trend, balki integratsiyaning strategik yo‘nalishiga aylandi. Bugungi kunda bu jarayon amaliy darajaga ko‘tarilmoqda.

Global miqyosda logistika sohasini raqamlashtirish ulkan foyda keltiradi. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, u bojxona rasmiylashtiruvi vaqtini 50 foizga qisqartirishi va yetkazib berish zanjirlari samaradorligini 15 – 20 foizga oshirishi mumkin.

McKinsey Global Institute 2024 yilgi hisobotida transportda raqamli texnologiyalardan olinadigan qo‘shilgan qiymat millionlab ish o‘rinlarini yaratishini ta’kidlagan holda yiliga 2,5 trillion dollarga baholangan.

"e-Permit", "e-TIR", "yagona darcha" tizimlari va "Digital Trade Corridor" kabi vositalar allaqachon xarajatlarni 20–30 foizga kamaytirmoqda va Yevrosiyo makoni mamlakatlari uchun yangi imkoniyatlar ochib, tranzitni tezlashtirmoqda.

TDTda raqamlashtirish yo‘li 2019 yilda O‘zbekiston tashkilotga qo‘shilishi bilan boshlangan va mintaqaviy hamkorlikda yangi sahifa ochgan.

Aslida transport sohasiga raqamli vositalarni keng miqyosda joriy etish maqsadida 2012 yildan boshlab O‘zbekistonda xalqaro yuk tashish tizimini raqamlashtirish bo‘yicha tizimli, bosqichma-bosqich ishlar olib borilmoqda.

Dastlab, 2022 yil 28 oktyabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan TDT transport vazirlarining 6-yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi va Turkiya Transport va infratuzilma vazirligi o‘rtasida ruxsatnoma blankalarini elektron almashish (e-Permit) tizimi ishga tushirildi.

Shu bilan birga, 2022 yil dekabr oyida O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida xalqaro yuk tashuvlari to‘g‘risidagi konvensiyaning 11-ilovasiga muvofiq e-TIR tizimidan foydalangan holda dunyodagi birinchi tashuv amalga oshirildi.

2024 yilda Qozog‘iston va joriy yildan boshlab Ozarbayjon bilan "e-Permit" texnologiyasini to‘liq joriy etishga erishildi.

Mamlakat ichkarisida raqamli ekotizim ham jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda.

Transport sohasida bugungi kunda 30 dan ortiq axborot tizimlari va platformalari ishlab chiqilgan. Xususan, "Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali" va "Elektron litsenziyalash tizimi" orqali sohadagi 10 dan ortiq davlat xizmatlari to‘liq elektron shaklda ko‘rsatilmoqda.

Bundan tashqari, Respublikamiz orqali tranzit o‘tayotgan xavfli toifadagi yuklarni tashishga ruxsatnoma blankalarini elektron rasmiylashtirish va berish bo‘yicha "Xavfli yuk" axborot tizimi ishga tushirildi.

Mamlakatimizga parvozlarni amalga oshirishda xorijiy aviakompaniyalarning parvozlar jadvalini elektron tarzda kelishishni nazarda tutuvchi "R shakli" axborot tizimi ishlab chiqildi.

Jamoat transporti avtobuslarida yo‘lovchi tashish sifatini oshirish, avtobuslar harakatini real vaqt rejimida monitoring qilish, tashuvchilar faoliyatida "bosib o‘tilgan masofa" va "sifat" mezonlari ustuvorligini ta’minlash, avtobuslarda jamoat xavfsizligini oshirish maqsadida "Avtomatlashtirilgan dispetcherlik tizimi" joriy etildi.

Bundan tashqari, respublikaning markaziy shaharlarida jamoat transportida yo‘l haqini to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimi ishga tushirildi.

Bundan tashqari, barcha transport turlariga chiptalarni masofadan turib xarid qilish uchun "uzairways.com", "e-ticket.railways.uz" va "avtoticket.uz" platformalari mavjud.

Umuman olganda, TDT mamlakatlarida transportni raqamlashtirish allaqachon eksperimental bosqichdan to‘liq ekotizimni shakllantirish bosqichiga o‘tdi.

Elektron yuk xatlardan tortib "aqlli portlar"gacha – bularning barchasi nafaqat texnologik innovatsiyalar, balki mintaqaning yangi iqtisodiy bog‘liqligining poydevoridir. Agar bir paytlar turkiy davlatlar karvon yo‘llarini bog‘lagan bo‘lsa, endi ularni kelajakning raqamli yo‘nalishlari bog‘lamoqda.

Mohigul Qosimova, O‘zA