9 dekabr — "Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni" munosabati bilan Transport nazorati inspeksiyasida "Ochiq eshiklar kuni" o‘tkazildi.
Tadbirda Transport vazirligi Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i, inspeksiyaning markaziy apparati va hududiy bo‘limlari xodimlari, Jamoatchilik kengashi a’zolari, tashuvchilar, xorijiy va mahalliy OAV vakillari hamda blogerlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida qatnashchilarga korrupsiyaga qarshi kurashish, sohada shaffoflikni ta’minlash va aholi bilan ochiq muloqotni kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Joriy yil davomida inspeksiya tomonidan barcha xodimlar har yillik hamda rotatsiya paytida manfaatlar to‘qnashuvini deklaratsiyalash tartibi asosida tekshiruvdan o‘tkazilgan.
Korrupsiya holatlari haqida murojaat uchun 4 ta aloqa kanali yo‘lga qo‘yildi. 19 ta monitoring nazorat ishlari o‘tkazilgan. 54 ta xizmat tekshiruvi amalga oshirilib, ular natijasida 4 nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi. 37 ta intizomiy jazo chorasi qo‘llandi, 21 ta holat prokuratura organlariga yuborildi. 2 ta holatda fuqarolar tomonidan inspektorlarga pora taklif qilingani aniqlandi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda Jinoyat kodeksining 211-moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Inspeksiya faoliyatida shaffoflikni ta’minlash va inson omilini minimallashtirish maqsadida 2024-2025 yillarda quyidagi 5 ta axborot tizimi ishlab chiqildi. “Yo‘l sifat nazorati” axborot tizimi, “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi, Temir yo‘lda: “Harakatdagi tarkib va infratuzilmani ro‘yxatdan o‘tkazish” tizimi, Daryo transportida: “Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va texnik ko‘rik” elektron tizimi ishlab chiqildi.
Yo‘l qurilish ishlarida qoidabuzarliklarning oldini olish maqsadida 3342 ta profilaktik tadbir o‘tkazildi. 2655 ta yo‘l qurilish ob’ektida nazorat ishlari amalga oshirildi. Nazorat natijasiga ko‘ra jami 6458 ta qoidabuzarlik aniqlangan.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun 2629 ta majburiy ko‘rsatma berildi. Qoidabuzarlikni bartaraf etmagan mansabdorlarga nisbatan MJtKning 99 va 147-moddalari asosida 540 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, sudga yuborildi.
Shuningdek, 373 ta holatda jami 26,8 mlrd. so‘mlik sifatsiz bajarilgan ishlar to‘lovdan chiqarildi. Hisobot davrida 2154 ta ob’ekt foydalanishga qabul qilingan.
Tadbir davomida jurnalist va blogerlar inspeksiya faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Savol-javoblar o‘tkazilib, fuqarolar murojaatlariga munosabat, nazorat jarayonlarining ochiqligi va raqamlashtirish ishlarining samarasi muhokama qilindi.
Tadbir yakunida korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga murosasiz munosabat, jamoatchilik bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish va ochiqlikni ta’minlash muhimligi alohida ta’kidlandi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA