Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Transport-logistika tizimi raqamlashtiriladi
17:16 / 2025-04-16

Toshkent davlat transport universitetida “Transport-logistika tizimi va xalqaro transport yo‘laklarini raqamlashtirish bo‘yicha zamonaviy yondashuvlar va amaliyotlar“ mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi hamda “Crowe” va “TBA GlobalExperts” konsalting kompaniyalari bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbir O‘zbekiston ishtirokidagi xalqaro tashuvlarni raqamlashtirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni muvofiqlashtirish, tajriba almashish va kasbiy muloqot uchun o‘ziga xos platforma bo‘lib xizmat qildi.

Seminarda transport va logistika sohasini raqamlashtirish bo‘yicha xalqaro mutaxassislar, shuningdek, davlat idoralari vakillari va milliy transport kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbirda transport sohasini raqamlashtirishning strategik vazifalari, multimodal yuk tashish tizimiga innovatsion yechimlarni joriy qilishdagi tajribalar, shuningdek, chegaralararo logistikada to‘liq elektron hujjat aylanmasini shakllantirish yo‘llari muhokama qilindi.

Tadbirda Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi direktori Bekzod Xolmatov O‘zbekiston Respublikasining 2030 yilgacha bo‘lgan transport-logistika tizimini rivojlantirish konsepsiyasiga alohida to‘xtalib o‘tdi. 

Konsepsiyada transport-logistika tizimini raqamlashtirish va chegaralararo elektron hujjat almashinuvini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilangan.

Shuningdek, xalqaro transport yo‘laklarining milliy qismlariga oid raqamli pasportlar taqdimoti ishtirokchilar orasida alohida qiziqish uyg‘otdi. Bu pasportlar mamlakatning raqamli ma’lumot almashinuviga tayyorlik darajasini xolisona baholash imkonini beradi.

Bundan tashqari, elektron logistika konsepsiyasi taqdim etilib, uni mavjud infratuzilmaga joriy etish vositalari taklif qilindi. Yig‘ilishning alohida qismi raqamli logistika texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish masalalariga bag‘ishlandi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA