Ma’lumki, so‘nggi bir necha yil ichida O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish sur’atlarini jadallashtirish, yirik infratuzilma loyihalarini barpo etish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar uchun qulay huquqiy muhit yaratishga qaratilgan chuqur, keng qamrovli iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar amalga oshirilmoqda.
Buyuk Ipak yo‘lining markazida joylashgan O‘zbekiston qadimdan dunyoning turli hududlari – Osiyo, Yevropa va Afrikani bog‘lovchi karvon yo‘llarining yaqinlashuvi bilan mashhur bo‘lgan. Ipak yo‘li o‘tgan mamlakatlarning siyosiy, iqtisodiy va madaniy tuzilishining shakllanishiga katta ta’sir ko‘rsatdi.
Hozirgi O‘zbekiston joylashgan qadimiy Movarounnahr hududida Xitoy, Hindiston, Eron, Vizantiya, Misrda shakllangan sivilizatsiya va madaniyatlarning o‘zaro boyib borishi sodir bo‘ldi. Buning samarasida 3 ming yildan ortiq davlatchilik tarixiga ega bo‘lgan mamlakatimiz azaldan jahon savdo-iqtisodiyot, fan, madaniyat va san’atning yuksak darajada rivojlangan markazlaridan biri bo‘lib kelgan.
Bugungi kunda ko‘plab mamlakatlar xalqlari o‘z tarixining ildizlarini o‘rganishga, ma’naviyatning kelib chiqishini, jahon madaniyatiga milliy daxldorligini tushunishga intilmoqda. Shu bois, so‘nggi yillarda Buyuk Ipak yo‘lini madaniy, savdo va sayyohlik aloqalarining eng muhim vositasi sifatida qayta tiklashga ilmiy va jamoatchilikning qiziqishi ortib borayotgani bejiz emas.
O‘zbekistonda mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab respublikani boshqa davlatlar, mintaqalar bilan bog‘lovchi yangi transport-kommunikatsiyalarini yaratishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Jahon bankining 2023 yilga mo‘ljallangan “Logistika samaradorligi indeksi” hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston 139 davlat orasida 88-o‘rinni egallab, ko‘rsatkichni 11 pog‘onaga yaxshilagan.
Ta’kidlash joizki, so‘nggi 5 yilda O‘zbekistonda xalqaro yuk tashish hajmi barqaror o‘sib, yillik o‘sish o‘rtacha 10 foizni tashkil etmoqda. 2023 yil yakuniga ko‘ra, tranzit tashishning o‘sishi 12 foizni tashkil etdi. Xalqaro yuk tashuvlarini amalga oshirishda temir yo‘l transportining ulushi 76 foiz, avtomobil transporti ulushi 24 foizni tashkil etadi.
Transportning barcha sohalarida tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Temir yo‘l transportini o‘zgartirish, sohaga xususiy investorlarni jalb qilish uchun keng imkoniyatlar yaratish ishlari davom ettirilmoqda. Pullik va tezyurar temir yo‘llarni qurish bo‘yicha qo‘shma loyihalar ishlab chiqilmoqda. Potensial xorijiy investorlar bilan birgalikda “Toshkent”, “Buxoro”, “Urganch” xalqaro aeroportlarini rivojlantirish, hamda yangi aeroportlarni qurish loyihalari tayyorlanmoqda. Shuningdek, davlat tomonidan yangi avtotransport vositalarining xarid qilinishi davlat tomonidan rag‘batlantirilishi natijasida keyingi yillarda yuk avtomobillari soni 4 barobarga oshdi.
Havo transportida ham raqobat muhitini yaratish va aeroportlarni rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Natijada O‘zbekistonda rezident aviakompaniyalar soni 14 taga yetdi, shundan 11 tasi xususiy kompaniyalardir.
Yaqinda bo‘lib o‘tgan Toshkent xalqaro investitsiya forumida yangi sarmoyaviy loyihalarga, ayniqsa transafg‘on temir yo‘li qurilishiga e’tibor qaratilayotgani to‘g‘risida ma’lumot berildi.
– Havo kemalar soni 72 taga yetkazildi, xalqaro aeroportlar soni 11 taga chiqdi. Yaqin yillarda samolyotlar soni 100 taga yetkazilishi rejalashtirilgan, – deydi transport vaziri I.Mahkamov. – Mamlakatning turizm salohiyatini oshirish, aeroport imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish va havo transporti bozorida raqobat muhitini rivojlantirish maqsadida 2022 yil 1 oktabrdan Samarqand xalqaro aeroportida “ochiq osmon” rejimi joriy etildi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan transport infratuzilmasini rivojlantirish, jumladan, hududning tranzit salohiyatini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidlash joiz.
Ana shunday loyihalardan biri Buyuk ipak yo‘lini qayta tiklash loyihasi sifatida haqli ravishda baholangan “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishidir. Bu loyiha Yevroosiyo, Sharq va G‘arb mintaqalari o‘rtasida madaniy-sivilizatsiya aloqalarini mustahkamlash, savdo yo‘llarini rivojlantirish, Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotini jonlantirish uchun turtki bo‘ladi, va eng muhimi, bu Xitoydan Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlariga eng qisqa yo‘lga aylanadi.
Natijada masofa 900 kilometrga, tovarlarni yetkazib berish muddati esa 7-8 kunga qisqaradi. Transmintaqaviy hamkorlikning yana bir muhim loyihasi – “O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston” temir yo‘li qurilishi loyihasi. Ushbu loyiha Janubiy Osiyo temir yo‘l tizimini Markaziy Osiyo va Yevroosiyo temir yo‘llari bilan bog‘laydi. Bu yo‘nalish kontinental miqyosda savdo-iqtisodiy hamkorlikning yangi paradigmasini tashkil qiladi.
Loyihaning amalga oshirilishi natijasida Pokistondan O‘zbekistonga yuk tashish narxi, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 3 barobarga qisqarib, yuklarni yetkazib berish muddati esa 3-5 kunni tashkil etadi. Shuni ta’kidlash kerakki, ushbu loyihaga nafaqat iqtisodiy nuqtai nazardan, balki Afg‘onistonda tinchlik va iqtisodiy taraqqiyotga erishishga qaratilgan sa’y-harakatlarning bir qismi sifatida qaralishi zarur.
Bu loyihalar mintaqadagi geoiqtisodiy vaziyatni tubdan o‘zgartirib, Markaziy Osiyoni Shimol va Janub, Sharq va G‘arbni bog‘lovchi global tranzit markaziga aylantiradi.
Bugun global va mintaqaviy vaziyat tobora murakkablashib borayotganining guvohi bo‘lyapmiz. Xalqaro vaziyatning jadal o‘zgarishi va ortib borayotgan geosiyosiy keskinlik, bugungi kunda transport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, yuklarni yetkazib berish zanjirida uzilishlarning oldini olish, yangi transport yo‘nalishlarini birgalikda ishlab chiqish uchun kuchlarni birlashtirishni talab qilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratib, investorlar va strateglarning diqqat markaziga aylanib bormoqda. Iqtisodiyotning tayanch elementi sifatida transport sohasiga investitsiyalar transport xizmatlari sifatini oshiradi, transportga bog‘liq bo‘lgan jamiyatning umumiy xarajatlarini kamaytiradi, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshiradi, mamlakat iqtisodiyotining o‘sishi va aholi hayot sifatining yaxshilanishi uchun sharoit yaratadi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA