Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Transport boshqarmasi “qizil” toifada qoldi
10:15 / 2026-02-25

Samarqand viloyati korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashi va viloyat prokuraturasi tomonidan 2025-yilda 23 yo‘nalishdan iborat indikator ko‘rsatkichlari ishlab chiqilib, har chorakda davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini reyting baholash joriy qilingan.

Dastlabki baholash natijalari bo‘yicha 13 ta davlat idorasining faoliyati “qizil” toifa sifatida baholangan. Ko‘rilgan chora-tadbirlar, profilaktika ishlari natijasida yil yakuniga ko‘ra bu idoralar 12 tasi “qizil” toifadan “yashil” va “sariq” toifaga o‘tgan. Viloyat transport boshqarmasi “qizil” toifada qolganligi sababli uning faoliyati joriy yilda hududiy kengashda muhokama qilinishi belgilandi. 

2025-yil va joriy yilning o‘tgan davrida soliq, bandlik, qurilish, sog‘liqni saqlash, kadastr, maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari, elektr va gaz idoralari hamda ularning quyi tizimlarida o‘rganishlar o‘tkazilib,  muhokamalar natijasi bo‘yicha 285 nafar xodim intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortildi. Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish maqsadida 27 nafar xodim rotatsiya qilindi, 91 nafari bilan mehnat shartnomalari bekor qilindi hamda 76 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari bilan yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘yish maqsadida memorandum va “Yo‘l xaritasi” imzolanib, korrupsiyaga qarshi kurashda ularning taklif hamda tashabbuslaridan samarali foydalanish mexanizmi joriy etildi. Shu asosida nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikda viloyat sog‘liqni saqlash hamda maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari va ularning quyi tizimida 1000 nafardan ortiq fuqaro ishtirokida jamoatchilik eshituvi tashkil etildi.

– Korrupsiyaviy holatlar ko‘p uchraydigan soha hamda tarmoqlarni aniqlab, ularning faoliyatini raqamlashtirish va takomillashtirish maqsadida viloyat prokuraturasi organlari tashabbusi bilan 11 soha alohida nazoratga olingan, – deydi Samarqand viloyati prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Muharram Hamroyeva. –  Xususan, faoliyatni raqamlashtirish orqali korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida raqamli bozor (“Sam - bozor”) dasturi ishlab chiqilib, haftada ikki va undan ortiq kun ishlayotgan 28 ta bozorning faoliyati to‘liq raqamlashtirildi. Natijada mazkur bozorlarning oylik o‘rtacha tushumi 2024-yilda 70 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 77,4 milliard so‘mga yetdi. Shuningdek, viloyatdagi avtoturargohlarda maishiy korrupsiya va yashirin iqtisodiyotga chek qo‘yish maqsadida 56 ta avtoturargohga “Hik-Sentral” dasturi joriy etildi. Faoliyatning raqamlashtirilishi hisobiga tushum 2024-yilga nisbatan 2,5 milliard so‘mga oshib, 4,3 milliard so‘mni tashkil qildi.

Yo‘lovchi tashishda to‘lovlar shaffofligini ta’minlash va ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini real vaqt rejimida nazorat qilish uchun o‘tgan yil viloyatdagi transport korxonalariga tegishli 550 ta avtobus, 115 ta mikroavtobus va 210 ta “Damas” avto-transport vositalariga GPS o‘rnatilib, “Wialon” dasturiga ulandi va transport boshqarmasida situatsion markaz tashkil etildi. Aholiga jamoat transporti xizmati ko‘rsatuvchi 140 ta avtobusga sun’iy intellekt yordamida dasturlangan kameralar o‘rnatilib, yo‘lovchilar oqimini sanash va mutanosib ravishda to‘lovlarni hisoblash imkoniyati yaratildi. Bu chora-tadbirlar samarasida 2025-yilda yo‘lovchi tashuvchi korxonalar hisobiga 105,6 milliard so‘m pul tushishiga erishildi. Vaholanki, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 71,8 milliard so‘mni tashkil etgandi.

Viloyatdagi boshqa soha va tarmoqlarni ham raqamlashtirish orqali korrupsiya va yashirin iqtisodiyotning oldini olish choralari ko‘rilmoqda.

G‘olib Hasanov, O‘zA muxbiri