Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida “Transchegaraviy hududlarning radioekologik monitoringi: muammolar va ularning yechimlari” mavzuida videoanjuman oʻtkazildi.
Qaror va ijro
Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida “Transchegaraviy hududlarning radioekologik monitoringi: muammolar va ularning yechimlari” mavzuida videoanjuman oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlik (MAGATE) hamkorligida tashkil etilgan anjumanda mahalliy va xorijlik olimlar, mutaxassislar ishtirok etdi.
Mintaqa aholisi uchun radiatsiya xavfsizligini taʼminlash muhim masalalardan hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 27-noyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan 2018-2021 yillarda kimyoviy, biologik, radiatsiya va yadro xavfsizligini taʼminlash sohasidagi xalqaro hujjatlarni bajarish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining Milliy harakatlar rejasi hamda “TRANSPOND” mintaqaviy loyihasini amaliyotga tatbiq etish doirasida bir qator ishlarni bajarish vazifasi belgilangan.
Boʻlib oʻtgan videoanjuman mintaqa manfaatlarini himoya qilish, sobiq kon sanoatidan hosil boʻlgan uran ishlab chiqarish obyektlaridagi radionuklidlarni oʻzida tutuvchi inson salomatligi uchun zararli va toksik moddalar boʻlgan, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarining tektonik faolligiga moyil boʻlgan koʻchki zonasida joylashgan chiqindilarni zararsizlantirish masalalari va bu borada mavjud muammolarni bartaraf etishda oʻzaro hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
– “TRANSPOND” – tabiiy ofatlar oqibatida transchegaraviy ifloslanishni bartaraf etish boʻyicha muhim mintaqaviy loyiha hisoblanadi, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi radiatsiya va yadro xavfsizligi departamenti boshligʻining birinchi oʻrinbosari Sardorbek Yakubekov. – 2017-2020 yillarga moʻljallangan loyiha radioaktiv ifloslanishni aniqlash boʻyicha monitoring va axborot tizimini yaratishdir. Shundan kelib chiqib, loyihaning maqsadi ilgarigi uran konlari obyektlari boʻyicha olib borilayotgan amaliy ish asosida radioaktiv monitoringning “Standart ish tartiblari”ni ishlab chiqish, radioaktiv ifloslanishni aniqlash boʻyicha Oʻzbekiston va Qirgʻiziston uchun monitoring va axborot tizimini tashkil etish, ikki davlat mutaxassislari foydalanishi va kengaytirishi mumkin boʻlgan monitoring maʼlumotlar bazasining asosiy modulini oʻrnatishdan iborat. Shuningdek, mutaxassislar uchun turli oʻquv kurslarini obyektlarning oʻzida hamda Germaniya va Avstriyada oʻtkazish ham loyiha rejalaridan.
Anjuman ishtirokchilari “TRANSPOND” mintaqaviy loyihasining amalga oshirilishi bilan yaqindan tanishga muvaffaq boʻldi. Shuningdek, ushbu tadbir manfaatlar mushtarakligi, ochiq muloqotga va radiatsiyaviy xavfsizlik sohasidagi mintaqaviy rivojlanishning eng dolzarb masalalari boʻyicha kelishilgan qarorlarni qabul qilishga puxta zamin yaratadi.