Bugun Toshkentda Transkaspiy transport yo‘lagi va o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha investorlar forumi bo‘lib o‘tdi.
Unda Yevropa Ittifoqi, Qora dengiz va Markaziy Osiyo mamlakatlari mas’ullari, ekspertlar, mutaxassislar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olganlar Transkaspiy transport yo‘lagi bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlari uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan yirik infratuzilma tashabbuslaridan biriga aylangani ta’kidladi. Ushbu yo‘lak O‘zbekistonning tranzit-logistika salohiyatini oshirish, mamlakatni Sharq va G‘arbni bog‘lovchi muhim xalqaro transport markaziga aylantirish borasidagi sa’y-harakatlarida asosiy o‘rin tutadi.
Aytish joizki, mazkur forum o‘tgan yil yanvar oyida Bryusselda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi transport bog‘liqligi bo‘yicha birinchi Investorlar forumida boshlangan umumiy sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi. Uning maqsadi Transkaspiy transport yo‘lagini rivojlantirish doirasida yirik investitsiya tashabbuslarini ilgari surishni jadallashtirish va aniq shartnomalar tuzish uchun shart-sharoitlarni shakllantirishdan iborat.
Forumda mutaxassislar ta’kidlaganidek, Transkaspiy yo‘lagi Yevropa Ittifoqining mintaqadagi “Global Gateway” investitsiya strategiyasining asosiy tashabbusi hisoblanadi. Bugungi kunda Transkaspiy yo‘lagi Xitoy, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mamlakatlarini Yevropa bilan bog‘laydigan asosiy yo‘nalishlardan biri sifatida shakllanyapti. 2030 yilga borib "O‘rta yo‘lak" orqali tashiladigan yuklar hajmi yillik 10-11 million tonnaga yetishi kutilmoqda.
Transport vaziri Ilhom Mahkamovning so‘zlariga ko‘ra, “O‘zbekiston-2030” strategiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlardan biri ham mamlakatning tranzit-logistika salohiyatini keskin oshirishdan iborat.
–Shu maqsadda respublika va xorij hududlarida qo‘shni davlatlar bilan yirik infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda. Bugun bu yo‘nalishda bir qator muhim fikrlar bildirildi. Ular orasida markaziy koridordan foydalanish masalasi alohida ahamiyatga ega bo‘lib, hozirgi vaqtda u O‘zbekiston uchun asosiy xalqaro yo‘l hisoblanadi. Ushbu tashabbuslar temir yo‘l infratuzilmasini kengaytirish va zamonaviylashtirish doirasida amalga oshirilmoqda. Jumladan, Transsibir yo‘li bilan bog‘lanish yo‘nalishida izchil ishlar olib borilmoqda. Bu esa mamlakatdagi iqtisodiy islohotlar rivoji bilan hamohang ravishda kechmoqda. Bunday harakatlar qo‘shimcha transport koridorlarini shakllantirish va mintaqaviy aloqalarni yanada kuchaytirish imkonini yaratadi.
O‘zbekistonning asosiy maqsadi tranzit markaziga aylanib, yuk tashish xarajatlarini qisqartirish, Sharq-G‘arb va Shimol-Janub yo‘nalishlarida kuchli logistik “xab” sifatida faoliyat yuritishdan iborat. Qo‘shni mamlakatlar bilan uzviy integratsiya va ular uchun yagona, barqaror transport makonini yaratish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik doirasida ham infratuzilmani rivojlantirish va modernizatsiya qilishga qaratilgan qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Infratuzilmaga xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha bir nechta kelishuvlar imzolangan. Shuningdek, Kaspiy dengizi orqali transport infratuzilmasini takomillashtirish borasida yevropalik hamkorlardan amaliy ko‘mak olinmoqda. Ushbu yo‘nalishda qo‘shma korxonalar va qo‘shma infratuzilma loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Qisqacha aytganda, O‘zbekistonning strategik maqsadi cheklovlarsiz, samarali va yaxlit yagona transport makonini yaratishdir, – dedi I.Mahkamov.
Forumda tomonlar hamkorligiga ham urg‘u berildi. Unda aytib o‘tilgani kabi O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda ushbu yo‘nalishni rivojlantirishda faol ishtirok etmoqda. Ta’kidlash joizki, 2024 yilda O‘zbekistonning Transkaspiy yo‘lagi orqali yuk tashish hajmi barqaror o‘sishni namoyish etgan holda bir million tonnadan oshdi. Bu 2019 yildagi ko‘rsatkichdan besh barobar ko‘pdir.
Fransiya transport vaziri Filipp Tabaro qayd etganidek, ushbu soha ravnaqida tomonlar hamkorligi juda muhim.
–Shu sababli, transport infratuzilmasi masalalari bo‘yicha tarmoqqa kiruvchi barcha mamlakatlar bilan fikr almashish imkoniyatidan juda mamnunman. Biz mamlakatingiz bilan temir yo‘l, shahar transporti, aviatsiya sohalari bo‘yicha bir qator kelishuvlarga erishishni maqsad qilganmiz. Bu, ayniqsa, ikki davlat aviatsiya va aeronavtika kompaniyalari o‘rtasida kadrlar tayyorlash jarayonini jadallashtirishga xizmat qiladi. Ushbu ishlar Fransiyaning O‘zbekistonga avtonomiya, mustaqillik, logistik va ayrim hollarda moliyaviy ko‘mak ko‘rsatish yo‘lidagi sa’y-harakatlari doirasida amalga oshiriladi.
Prezidentlarimiz tomonidan ilgari qabul qilingan majburiyatlarni endi amaliy jihatdan bajarishimiz zarur. Bunday qadam samimiy do‘stlik va o‘zaro ishonchga asoslangan sheriklikni aks ettiradi, – dedi Filipp Tabaro.
Tadbir doirasida transport va logistika bo‘yicha me’yoriy-huquqiy bazani uyg‘unlashtirish, infratuzilmaga investitsiyalar va savdo yo‘laklarini raqamlashtirish yuzasidan tematik sessiyalar o‘tkazildi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA