O‘zbekiston Fors ko‘rfazi arab davlatlari, Janubi-sharqiy Osiyo va Afrika mamlakatlari bilan savdo aloqalarida asosan Eron portlariga suyanadi. Biroq so‘nggi geosiyosiy voqealar yagona transport yo‘lagiga tobelikning naqadar xavfli ekanini yaqqol ko‘rsatdi. Shu bois, O‘zbekiston o‘zining janubiy yo‘nalishdagi transport yo‘laklarini diversifikatsiya qilish va yanada rivojlantirish maqsadida Transafg‘on temir yo‘li loyihasini amalga oshirish ustida ish olib bormoqda.
Mazkur loyiha Markaziy Osiyo uchun Pokistonning Gvadar va Qosim dengiz portlariga muqobil chiqish imkonini beradi.
Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi direktori Bekzod Xolmatov bilan suhbatimiz ham Transafg‘on temir yo‘li yo‘nalishining Xitoy – Pokiston iqtisodiy yo‘lagi (CPEC) va Pokistonning temir yo‘l tarmoqlari bilan bog‘lanish masalalari, Pokiston tomonidan Markaziy Osiyo yuklarini jalb etish bo‘yicha imtiyozlar, Afg‘oniston hududida tranzit xavfsizligini ta’minlash choralari hamda O‘zbekiston yuk tashuvchilari uchun yagona elektron tranzit deklaratsiya tizimi (“yashil yo‘lak”)ni joriy etish rejalariga bag‘ishlandi.
– Gvadar va Qosim dengiz portlarining Markaziy Osiyo “dengiz darvozasi” sifatidagi ahamiyati va Transafg‘on temir yo‘li bu strategiyani amalga oshirishda qanday rol o‘ynashi masalasiga to‘xtalsangiz?
– Avvalo, Pokistonning ushbu ikki porti haqida biroz to‘xtalib o‘tsak. Port-Qosim – Pokistonning eng yirik hamda birinchi foydalanishga topshirilgan (1980 yil) portlaridan biri hisoblanadi. U maxsus yuk turlarini yuklab tushirishga mo‘ljallangan zamonaviy texnikalar bilan jihozlangan.
Gvadar porti esa Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” tashabbuslari doirasida Pokiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikda barpo etilgan port hisoblanadi. Bu yerda 2015 yilda qurilish ishlari boshlangan.
Hozirda O‘zbekiston Fors ko‘rfazi arab davlatlari, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari hamda Afrika mamlakatlari bilan savdo aloqalari uchun asosan Eron portlaridan foydalanib kelmoqda. Ammo so‘nggi vaqtlarda Yaqin Sharqda yuz berayotgan voqealar bizga faqatgina bitta transport yo‘lagiga bog‘lanib qolib bo‘lmasligini yaqqol ko‘rsatmoqda. Ayni shu maqsadda janubiy yo‘nalishdagi transport yo‘laklarini diversifikatsiyalash hamda yanada rivojlantirish uchun O‘zbekiston Transafg‘on loyihasini amalga oshirish ustida ish olib bormoqda.
– “Termiz – Naibobod – Maydonshahr – Logar – Xarlachi” yo‘nalishi portlarga uzluksiz multimodal tranzitni ta’minlash uchun CPEC koridori va Pokistonning mavjud temir yo‘l tarmoqlari bilan qanday bog‘lanadi?
– Yuqorida ta’kidlaganimdek, CPEC (China-Pakistan Economic Corridor) - Xitoy-Pokiston iqtisodiy yo‘lagi hisoblanib, Xitoy va Pokistonni Karakurum dovoni orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lovchi transport yo‘lagi sanaladi. Ushbu yo‘lakning uzunligi 3 ming kilometrni tashkil etadi. Yo‘lak Xitoyning Yaqin Sharqdan keluvchi energiya resurslarini tashishda Malakka bo‘g‘oziga bo‘lgan qaramlikni kamaytirish maqsadida tashkil etilgan. Ushbu yo‘lak Xitoyning Shinjon provinsiyasidan boshlanib, Gvadar portigacha davom etadi.Ma’lumki, Pokistonning asosiy temir yo‘l liniyasi Peshovar - Karachi yo‘nalishi hisoblanadi. Port Qosim barcha transport turlari bilan juda yaxshi integratsiya qilingan. U to‘g‘ridan-to‘g‘ri milliy avtomagistral, Afg‘onistonga olib boruvchi avtomobil yo‘llari tarmog‘i va CPEC yo‘nalishlariga ulanadi. Port shuningdek, milliy temir yo‘l tarmog‘iga 14 kilometr temir yo‘l liniyasi va maxsus temir yo‘l stansiyasi orqali ulangan. Gvadar porti esa hali asosiy temir yo‘l tarmog‘iga integratsiya qilinmagan, biroq, u CPEC yo‘lagi hamda Afg‘onistonga olib chiquvchi avtomagistrallarga bog‘langan.
“Termiz – Naibobod – Maydonshahr – Logar – Xarlachi” ya’ni Transafg‘on yo‘nalishi Pokistonning asosiy temir yo‘l tarmog‘iga ulanishi reja qilingan. Bu esa ushbu yo‘nalish orqali Pokistonning eng yirik portlari hisoblangan Karachi va Qosim portlariga temir yo‘l orqali borishga imkoniyat yaratadi. CPEC yo‘lagi garchi Pokiston va Xitoy o‘rtasidagi eng kichik masofaga ega yo‘lak hisoblansada Karakurum dovonidan faqat avtomobilda yuk tashish imkoniyati mavjud. Bu o‘z-o‘zidan Pokistondan Xitoyga neft va boshqa energiya resurslarini katta miqdorda tashib bo‘lmasligini anglatadi.
Transafg‘on yo‘lagi esa Xitoy va Pokistonni temir yo‘l orqali uzviy bog‘lash imkonini yaratadi. “Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston” temir yo‘lining qurilish ishlari boshlanishi ham bu jarayonning amalga oshish ehtimolini oshiradi. “Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston” hamda Transafg‘on temir yo‘l liniyalari qurilishi orqali Xitoy va Janubiy Osiyo mamlakatlari temir yo‘l orqali eng qisqa masofada (4097 km) bog‘lanishiga erishiladi.
– Pokiston O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridan ko‘proq yuklarni jalb qilish uchun port to‘lovlarini kamaytirish, temir yo‘lda imtiyozli tariflar yoki soliq yengilliklarini ko‘rib chiqishi mumkinmi?
– Gvadar porti hozirda o‘ziga Markaziy Osiyo, Xitoy hamda arab davlatlaridan investorlarni hamkorlikka chorlamoqda. O‘zbekiston Transport vazirligi vakillari ham Gvadar portida bo‘lib u yerdagi imkoniyatlar bilan yaqindan tanishgan. Bugungi kunda Transafg‘on loyihasini amalga oshirish bo‘yicha pokistonlik hamkasblarimiz bilan hamkorlikda juda yaxshi ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning 17 iyul kuni O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston tashqi ishlar vazirlarining birinchi uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida “O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston” Transafg‘on temir yo‘lining texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqish bo‘yicha uch tomonlama hadli bitim imzolandi. Transafg‘on temir yo‘l liniyasi ishga tushganidan so‘ng temir yo‘l tashishlariga tariflar belgilanadi.
– Afg‘oniston hududida infratuzilma va yuklarni ehtimoliy tahdidlardan himoya qilish uchun O‘zbekiston va Afg‘oniston tomonlari bilan qanday qo‘shma chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan?
– Afg‘oniston bo‘ylab tashishlarni rivojlantirish maqsadida Tolibon rasmiylari bilan doimiy aloqalar o‘rnatilgan bo‘lib, bugungi kunda juda yaxshi hamkorlik ishlari olib borilmoqda. Ko‘plab tashuvchilarimiz Afg‘oniston hududi bo‘ylab tashishlarni amalga oshirib kelmoqda. Hozirda O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasida uch tomonlama “Qo‘shma harakatlar rejasi” ishlab chiqilmoqda. Ushbu rejada ayrim Pokiston kompaniyalari Afg‘oniston bo‘ylab tashishlarda sug‘urta ishlarini o‘z zimmasiga olishga tayyorligini ma’lum qildi.
Shuningdek, Qo‘shma harakatlar rejasi “Belarus – Rossiya – Qozog‘iston – O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston – Hind okeani portlari” transport yo‘lagini yanada rivojlantirish, Transafg‘on yo‘lagi bo‘ylab transport-logistika markazlari barpo etish choralarini ko‘rish hamda yo‘nalish ishtirokchilari, milliy va yirik xorijiy transport-logistika kompaniyalari hamkorligida B2B va B2G uchrashuvlarini tashkil etish va ularning hamkorligini yo‘lga qo‘yish kabi tashabbuslarni o‘z ichiga oladi.
– Sizningcha, Pokiston O‘zbekiston yuk jo‘natuvchilari uchun yagona elektron tranzit deklaratsiyalash tizimi va “yashil yo‘lak”ni joriy etishga tayyormi?
– Pokiston va afg‘onistonlik hamkasblarimiz bilan bo‘lib o‘tgan oxirgi uchrashuvlarda uch tomonlama Tranzit bitimi ishlab chiqishga kelishib olindi. Ushbu bitimda uch tomonlama tashishlarni soddalashtirish bo‘yicha bir qator masalalarni kelishish rejalashtirilgan.
O‘zA muxbiri Abduaziz Xidirov suhbatlashdi.