Ma’lumki, Pekin va Vashington o‘rtasidagi munosabatlar Oq uyning tarif siyosati tufayli biroz yomonlashgan. Ikkala tomon ham vaziyatga “savdo urushi” deya ta’rif bermoqda.
Oq uy yetakchisining yordamchilari Amerika rahbari Tayvanga nisbatan an’anaviy siyosatdan chetga chiqib, Pekin bilan savdo munosabatlarini rivojlantirish imkoniyatini istisno qilmayapti, deb xabar tarqatdi NBC telekanali manbalarga tayanib.
Tarmoq xabariga ko‘ra, Trampning bir necha yordamchisi unga AQSHning Tayvan bo‘yicha pozitsiyasini o‘zgartirmaslik maslahatini berishgan. Yordamchilar shaxsiy suhbatda AQSH Prezidenti Xitoy bilan yirik savdo kelishuviga erishishga intilib, ularning maslahatini e’tiborsiz qoldirishi mumkinligidan xavotir bildirgan. Shuningdek, Amerika rahbari ayni masala bo‘yicha avvalgi yondashuvdan chetlashishi yoki vaziyatni nozik tarzda o‘zgartirishi mumkinligini taxmin qilishgan.
Avvalroq, XXR Tashqi ishlar vazirligi vakili Guo Szyakun Xitoy AQSHning Tayvan masalasiga o‘ta ehtiyotkorlik bilan yondashishidan umidvorligini aytgandi.
Bunday xavotirli ta’kidga qaramay, Tayvan Tashqi ishlar vaziri Lin Szyalong Tramp orolni “tashlab qo‘yishi” mumkinligi xavfini ko‘rmayotganini aytdi.
Xitoy markaziy hukumati va orol-viloyat o‘rtasidagi rasmiy munosabat 1949 yil, Kommunistik partiya bilan fuqarolar urushida mag‘lub bo‘lgan Chan Kayshi boshchiligidagi Gomindan kuchlari Tayvanga ko‘chib o‘tgach uzilgan. Orol va Xitoy materigi o‘rtasidagi biznes hamda norasmiy aloqalar o‘tgan asr 80- yillari oxirida qayta tiklandi. 90-yillar boshidan beri ikki tomon nodavlat tashkilotlari – Pekinda joylashgan Tayvan bo‘g‘ozi orqali aloqalarni rivojlantirish assotsiatsiyasi va Taypeyda joylashgan Ko‘ndalang bo‘g‘oz almashinuvi jamg‘armasi orqali aloqalarni saqlab kelmoqda.
Pekin Tayvanni Xitoy Xalq Respublikasining ajralmas qismi, deb ta’kidlaydi va “yagona Xitoy” tamoyiliga rioya qilish XXR bilan diplomatik munosabat o‘rnatish yoki saqlab qolishni istagan boshqa davlatlar uchun zarur shartdir.
Qo‘shma Shtatlar boshqalar qatori Taypey bilan turli sohalarda yaqin aloqa o‘rnatgani, orolni qurol-yaroq bilan ta’minlayotganiga qaramay, “yagona Xitoy” tamoyiliga rioya qilib, Tayvan mustaqilligini tan olmay keladi.
S.Rahimov, O‘zA