Qatarning “Al Jazeera” telekanali Trampning tinchlik rejasini bosqichma-bosqich amalga oshirish ifodalangan hujjatni qo‘lga kiritgani haqida xabar tarqatdi. Qayd etilishicha, garovga olinganlar 13 oktyabr kuni ertalab soat 6:00 ga qadar ozod qilinadi. HAMAS shartni ommaviy marosimsiz, ommaviy axborot vositalari ishtirokisiz bajarishi lozim.
Qutqariladigan asirlar xuddi avvalgilari singari Qizil Xoch tashkilotiga topshiriladi va Isroilga yetkaziladi.
Misr delegatsiyasi Qizil Xoch hamrohligida Isroil qamoqxonalariga borib, ayirboshlash orqali ozod etilgan falastinlik mahbuslarning ism-sharifini tekshiradi.
Garovga olinganlar ozod etilgach, darhol G‘azo sektoriga gumanitar yordam yetib kela boshlaydi. Har kuni kamida 600 yuk mashinasida oziq-ovqat, shuningdek yonilg‘i va gaz sig‘imlari olib kelinadi. G‘azoning Misr bilan chegaradosh Rafoh o‘tish joyi har ikki yo‘nalishda ham ochiq turishi talab qilingan. Dastlab oziq-ovqat va dori-darmon, keyin uy-joy bilan bog‘liq boshqa zaruratga ustuvor ahamiyat beriladi.
Ikkinchi bosqichda anklav infratuzilmasi tiklanadi. Vayron bo‘lgan hududlarni tozalaydigan texnikani joylashtirish, elektr stansiyasini ishga tushirish, yonilg‘i ta’minoti mexanizmini ishlab chiqish, shuningdek suv va kanalizatsiya tarmog‘ini ta’mirlash, kasalxona, novvoyxona va yo‘llarni tuzatish nazarda tutilgan.
S.Rahimov, O‘zA