BMT Xavfsizlik Kengashi AQSHning G‘azo sektorida barqarorlik o‘rnatish uchun xalqaro kuchlar tuzish va Donald Tramp rahbarlik qiladigan “Tinchlik Kengashi”ni tashkil etish rejasini qo‘llab-quvvatlovchi rezolyutsiyani qabul qildi. Rossiya va Xitoy ovoz bermagan, deb xabar tarqatdi DW.
Xullas, Xavfsizlik Kengashining 15 a’zosidan 13 nafari Vashington taklif etgan rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatladi. Unga ko‘ra, barqarorlik o‘rnatish uchun G‘azoga xalqaro kuchlar joylashtiriladi va Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya hamda AQSH tomonidan terroristik tashkilot, deb e’tirof etilgan HAMAS harakati qurolsizlantiriladi. Shuningdek, vaqtinchalik Falastin ma’muriyati tuzilishi ham ko‘zda tutilgan.
Lekin, Isroil hukumati bu rezolyutsiyani tanqid qildi. Ovoz berishdan oldin Isroil rezolyutsiyadagi “Falastin xalqining o‘z taqdirini o‘zi belgilashi va Falastin davlati tuzilishi uchun ishonchli yo‘l” haqidagi qaydni tanqid qilgan. Rezolyutsiyadagi ayrim bandlarni Hamas ham tanqid qilgan. Ularning ta’kidlashicha, “G‘azo sektori ichida xalqaro kuchlarga vazifa va majburiyatlar yuklanishi, jumladan qurolsizlantirish rejasi, vaziyatni murakkablashtirib yuborishi mumkin”. Hamasning pozitsiyasini Reuters agentligi ma’lum qilgan.
AQSH yetakchisi rezolyutsiyaning qabul qilinishini “g‘oyatda muhim ovoz berish” dedi. Uning ta’kidlashicha, “Tinchlik Kengashi” tan olingan va tasdiqlangan. “Unga men rahbarlik qilaman, tarkibiga dunyodagi eng nufuzli va hurmatli yetakchilar kiradi”, - deb yozdi Tramp ijtimoiy tarmoqda.
Rossiya ham rezolyutsiyaga oid o‘z takliflarini tayyorlagan. Biroq Rossiya diplomatlari o‘z loyihalarini ovozga qo‘ymagan. Rossiyaning BMT dagi doimiy vakili qabul qilingan rezolyutsiyani “xaltaga solingan mushuk”ka o‘xshatgan. Ma’lum bo‘lishicha, Moskva tayyorlagan rezolyutsiya loyihasida “Tinchlik kengashi” va AQSHning muvofiqlashtiruvchi xalqaro kuchlari haqida gap bo‘lmagan. Hatto, AQSH prezidentining nomi ham tilga olinmagan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Cot_Z_oJxXI" title="Trampning tinchlik rejasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA