English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Trampning Tinchlik rejasi takomillashtiriladi (+video)
14:30 / 2025-11-25

AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Rossiya – Ukraina urushini to‘xtatish bo‘yicha muzokarada sezilarli o‘sish kuzatilayotganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, yangilangan va takomillashtirilgan tinchlikka erishish hujjati tayyor bo‘lgan. Muloqot shu hafta davom ettiriladi.

“Reuters” xabariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar qayd etganidek, yangilangan reja Ukraina uchun xavfsizlik kafolatini kuchaytiradi, chunki loyihaga tegishli qo‘shimcha va aniqlik kiritilgan.

Bayonotdagi Kiyevni bezovta qilayotgan asosiy jihatlar sinchkovlik bilan ko‘rib chiqilgan.

Nashr ayni payt muhokama qilinayotgan Zelenskiyning AQSHga tashrifi, ehtimol, shu hafta amalga oshishi mumkinligiga e’tibor qaratgan. Prezidentlar eng nozik mavzular, jumladan hududiy masalani ham muhokama qilishi mumkin.

Yakshanba kuni Ukraina va Amerika rasmiylari muzokarada jiddiy ilgari siljish bo‘lganini qayd etsa-da, Tramp Ukraina rahbariyatini noshukurlikda ayblab, tanqid qilgan.

Zelenskiy esa mamlakat og‘ir tanlov oldida turganini aytib, Ukraina sha’nidan ayrilishi yoki eng muhim xalqaro hamkori bo‘lgan AQSHni yo‘qotishi mumkinligini ta’kidlagan. Shundan keyin rejani takomillashtirish zarurati yuzaga chiqdi.

Bir necha xorijiy nashr Yevropa ittifoqchilari, jumladan Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya ishtirokida tayyorlangan muqobil reja haqida ma’lum qildi. Rubio esa bu tashabbusdan xabardor emasligini bildirdi.

“Reuters” yozishicha, mazkur alohida rejada Ukraina armiyasi sonini tinchlik davrida 800 000 gacha cheklash belgilangan. AQSH hujjatida esa bu raqam 600 000.

Xullas, AQSH taklif qilgan rejada armiya sonini qisqartirish, NATOga kirishdan voz kechish, Ukraina qo‘shini Donetskning ayrim hududlaridan chiqishi hamda Xerson va Zaporoje fronti muzlatilishi kabi shartlar bor. Buning evaziga Kiyev ishonchli xavfsizlik kafolati oladi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/cFJVv5S-vus" title="Trampning Tinchlik rejasi takomillashtiriladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

K.Bekjonov, O‘zA