AQSH Prezidenti raisligida o‘tkazilgan Tinchlik kengashi birinchi yig‘ilishida so‘zga chiqqan Donald Tramp keng ko‘lamli global masalalarga batafsil to‘xtaldi. Xususan, G‘azo sektoridagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish, Eron bilan muzokara va xalqaro munosabatlarga urg‘u berdi.
Tramp mazkur kengashni o‘z ma’muriyatining eng yirik yutuqlaridan biri, shuningdek dunyo bo‘ylab bir necha qurolli mojaroni tugatish vositasi, deb e’lon qildi.
Amerika rahbari muntazam diplomatiya va ko‘plab mamlakatlar sa’y-harakati tufayli G‘azodagi urush tugaganini ta’kidladi. Uning aytishicha, HAMAS qurollarini topshirish va kelishuv shartlarini bajarishga va’da bergan.
Prezident guruh zimmasidagi majburiyatni bajarishiga ishonch bildirdi va aks holat kuchli javobga uchrashini qo‘shimcha qildi.
AQSH yetakchisi Eron bilan tinchlik muzokarasi ham juda muhimligini ta’kidladi.
– Samarali muloqot olib borilyapti, – dedi u. – Vashington Tehron bilan “mazmunli kelishuv”ga erishishi kerak. Aks holda “yomon oqibat” kelib chiqadi. Muzokara davom etyapti, 10 kun ichida kelishuvga erisha olamizmi yoki yo‘qmi, aniq bo‘ladi. Eron yadro quroliga ega bo‘la olmaydi, Qo‘shma Shtatlar buni juda aniq anglatdi.
Oq uy rahbari tilga olgan muhim yutuqlardan yana biri Ozarbayjon va Armaniston mojarosi hal qilinishidir. Ta’kidlanishicha, ziddiyat 30 yil davom etganiga qaramay, “hamma narsa hal qilingan”.
Prezident ushbu jarayonda ishtirok etgani uchun har ikki tomonga minnatdorlik bildirarkan, “Ikki juda muhim davlat o‘rtasida tinchlik bor va men buni hech qachon unutmayman”, deya ta’kidladi.
Tramp ba’zi Yevropa mamlakatlarining tanqidlariga qaramay, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanni “to‘liq va shaksiz” qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Uning aytishicha, Orban boshqa mamlakatlar siyosatidan ajralib turadigan, “migratsiya bo‘yicha ajoyib ish” qilgan.
Amerika rahbari G‘azoni tiklash uchun mislsiz moliyaviy sarmoya kiritilishini e’lon qildi.
– To‘qqiz davlat jami 7 milliard dollardan ko‘p mablag‘ ajratdi, – dedi Tramp. – AQSH bu jarayonni qo‘llab-quvvatlash uchun Tinchlik kengashiga 10 milliard dollar o‘tkazadi.
Shuningdek, u Indoneziya, Marokash, Albaniya, Kosovo, Qozog‘iston, Misr va Iordaniya sektorda shakllantiriladigan Xalqaro barqarorlashtirish kuchlariga qo‘shin va politsiya yuborishi, Falastin politsiyasini o‘qitishda yordam berishini ham ta’kidladi.
S.Rahimov, O‘zA