Tramp ma’muriyati “itoatsizlik qilgan” Garvard universitetining 2 milliard dollardan ko‘proq mablag‘i muzlatib qo‘yilganini e’lon qildi. Bu haqda BBC yozdi.
– Garvard bilan bog‘liq kutilmagan yangilik mamlakatimizning eng nufuzli universitet va kollejlarida xavotir uyg‘otib, huquq tushunchasi yemirilishi jarayonini kuchaytiradi, – deyilgan Ta’lim departamenti bayonotida.
Ma’lum bo‘lishicha, Oq uy o‘tgan hafta mazkur nufuzli o‘quv muassasiga bir necha talabdan iborat ro‘yxat yuborgan. Hujjatda boshqaruv tizimi, ishga qabul qilish amaliyoti kabi ayrim tartib-qoidalarga o‘zgarish kiritilishi zarurligi aytilgan.
Garvard ushbu talablarni rad etdi va Oq uy universitetni nazorat qilishga urinayotganidan norozilik bildirdi. Xullas, AQSHning eng yirik oliy ta’lim dargohi Tramp ma’muriyatining jamoa siyosatini o‘zgartirishga qaratilgan bosimiga qarshi chiqdi. Agar Oq uy qo‘ygan keng qamrovli talab bajarilsa, Garvard ustidan nazoratning salmoqli qismi hukumat qo‘liga o‘tadi.
Musulmon Ziyo, O‘zA