Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Trampning maxsus vakili G‘azo sammiti rejasini tayyorlamoqda
14:00 / 2025-02-21

AQSH Prezidenti Donald Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff G‘azo sektorini qayta qurish bo‘yicha g‘oya taklif qiladigan qurilish kompaniyalari va me’morlar sammiti rejasini ishlab chiqmoqda, deb xabar tarqatdi “Wall Street Journal” nashri.

Ma’lum bo‘lishicha, mulozim ayni tashabbusni Amerika yetakchisining kuyovi Jared Kushner bilan Mayamidagi investitsiya forumida muhokama qilgan.

– Butun dunyodan vakillar – dizayner, quruvchi va arxitektorlarni bir joyga to‘plash, g‘oya va loyihalarni muhokama qilish haqida gaplashdik, – deya Uitkoffning so‘zlaridan iqtibos keltirgan gazeta.

Maxsus vakil G‘azoni qayta qurish bo‘yicha sa’y-harakatni boshlash uchun Oq uyda bunyodkorlar va sanoat sohasi rahbarlarini birlashtiradigan anjuman o‘tkazish maqsadida ish olib boryapti. Tadbir doirasida qurilish texnikasi ommaviy namoyishi o‘tkaziladi. Manfaatdor kompaniyalar ishtirokida logistika bilan bog‘liq va texnik masalalarni hal qilish, bombalarni aniqlash, yer osti yo‘llari barpo etish, qurilayotgan hududni tark etishni istamaydiganlar bilan tushuntirish ishlar olib borish masalalari muhokama qilinadi.

Tramp avvalroq AQSH G‘azoni “nazorat qilishi” va mintaqani qayta tiklab, dunyoning eng guzal go‘shasiga aylantirish uchun javobgar bo‘lishini e’lon qilgan. Shu bilan birga sektor aholisi boshqa mamlakatlarga abadiy ketishi kerakligini ta’kidlab, falastinliklar uchun yashash manzili sifatida  Iordaniya yoki Misrni keltirgan. Hatto, hududga AQSH armiyasi yuborilishi mumkinligini ham istisno etmagan.