AQSH yetakchisi Donald Trampning fikricha, agarda Rossiya armiyasi Kiyevga asfalt yo‘l orqali borganida to‘rt soatda poytaxtga yetib, shaharni ishg‘ol qilgan bo‘lar edi.Ammo siyosiy tahlilchilar bu fikrga qo‘shilmaydi, deya xabar beradi “Euronews”.
Bu Tramp tomonidan Ukrainadagi nizo haqida ko‘plab tasdiqlanmagan yoki ishonchsiz da’volardan, deyish mumkin. U Qo‘shma Shtatlar rahbarligiga qaytganidan beri bir necha bor shunday bayonotlar bergan.
Tahlillarga ko‘ra, RFning Kiyevni bosib olish rejalari Ukraina harbiylarining muvaffaqiyatli strategiyasi, shuningdek, Rossiya tomonidan yo‘l qo‘yilgan logistik va taktik xato sabab barbod bo‘lganini ko‘rsatadi. Masalan, Irpen daryosining g‘arbiy qismidagi botqoqlik haqiqatan ham tanklarning harakatini qiyinlashtirgan, ammo bu Rossiyaning Kiyevga yurishi uchun hal qiluvchi asosiy to‘siq bo‘lmagan.
Ziddiyatlarni tahlil qiluvchi institut mutaxassislari xulosasiga ko‘ra, 2022 yil fevraldagi Kiyev uchun kurashning birinchi bosqichida Rossiya qo‘shinlari Belarus bilan chegaradosh hududdan Kiyevgacha bo‘lgan 150 km masofani ochiq avtomobil yo‘li orqali bosib o‘tgan.
– Rossiyaliklar eski xaritalardan foydalangan, buning ustiga qo‘shinlar orasidagi aloqa sust bo‘lgan, -deya ta’kidlashmoqda harbiy mutaxassislar. – Shuningdek, ukrainlar imkoni boricha yo‘l belgilari va ko‘rsatkichlarni olib tashlashgan yoki bo‘yab tashlashgan, bu esa Rossiya tanklarini adashtirgan. Irpen daryosi avtotransport harakati uchun jiddiy to‘siq bo‘lgan, ammo Kiyevning sharqiy qismida bunday tabiiy to‘siqlar bo‘lmagan.
Tegishli kompaniyalar tomonidan taqdim etilgan va maxsus tahlildan o‘tgan sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida ham Rossiya tank qo‘shinlari 2022 yil mart boshlarida Kiyev tomon avtomobil yo‘li orqali harakatlanayotgani yaqqol ko‘rinadi.
Garchi Rossiya qo‘shinlari soniga ko‘ra ustun bo‘lgan bo‘lsa-da, ammo ukrain armiyasi Rossiyaning havo ustunligini qo‘lga kiritish urinishlarini samarali ravishda bartaraf etgan. Jumladan, rus zobitlarining Kiyev shimolida joylashgan Gostomel aerodromini qo‘lga kiritish rejasi amalga oshmagan.
Ekspertlarga ko‘ra, Gostomel aeroportini tezda egallash Rossiyaning Kiyevni bosib olish rejasidagi muhim qismlardan biri bo‘lgan.
– Agar Rossiya Gostomel aerodromini egallaganida, ehtimol, ular mojaroning dastlabki kunlarida Kiyev markazigacha yetib borishgan bo‘lardi, – deyiladi harbiy ekspertlarning tahlillarida.
Biroq mutaxasslar Trampning gaplarini to‘liq inkor etmagan holda, Kiyevga yurish vaqtidagi bahorgi ob-havo haqiqatdan ham Rossiya uchun muammolar tug‘dirgan, lekin bu asosiy to‘siq bo‘lmagan, deyishmoqda.
Haqiqatan ham, o‘shanda Rossiya armiyasining bir qator texnikasi loy dalalarda qolib ketgan, ba’zilari tashlab ketilgan. Bu texnikalar keyinchalik ukrain fermerlari tomonidan olib ketilib, Ukrainaning harbiy ehtiyojlari uchun qayta jihozlangan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/t-yiKcnRZYM" title="Trampning gaplarida “jon” bormi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>K.Bekjonov, O‘zA