AQSH prezidenti Donald Tramp Davosda so‘zlagan nutqida Yevropa energetika siyosatini tanqid qildi, NATO faoliyatiga shubha bildirdi va Grenlandiya haqida tarixiy da’volarni ilgari surdi. Euronews Trampning bayonotlarini faktlar asosida tekshirdi. Shulardan ayrimlariga e’tibor qarating.
Tramp o‘z nutqida NATO AQSH uchun hech qachon foyda keltirmaganini aytdi. Ammo, amalda AQSH 2001 yil 11 sentyabr hujumlaridan keyin NATOning 5-moddasiga murojaat qilgan yagona davlat bo‘lib, ittifoqchilar razvedka, xavfsizlik va terrorizmga qarshi operatsiyalar orqali yordam ko‘rsatgan.
Shuningdek, AQSH hech qachon NATO byudjetiga 100 foiz mablag‘ to‘lamagan, oxirgi yillarda uning ulushi taxminan 15 foizni tashkil etgan, xolos. Trampning Germaniyada elektr energiyasining narxi 2017 yilga nisbatan 64 foizga oshgani haqidagi bayonoti ham tasdiqlanmadi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2017 yildan 2025 yilgacha uy xo‘jaliklari uchun elektr narxi taxminan 29–31 foizga oshgan. Narxlarning keskin ko‘tarilishi esa, 2022–2023 yillarda, ya’ni Rossiya - Ukraina urushi ortidan gaz ta’minoti qisqarishi bilan yuz bergan.
Tramp Buyuk Britaniyada energiya ishlab chiqarish uchdan birga tushib qolganini aytdi. Rasmiy ma’lumotlar ishlab chiqarish haqiqatan ham 1999 yilga nisbatan taxminan 66 foizga kamayganini ko‘rsatadi, ammo bu Shimoliy dengizda neft va gaz zaxiralarining tabiiy ravishda tugab borishi bilan izohlanadi. Tramp ikkinchi prezidentlik muddatida sakkizta urushni tugatganini da’vo qildi. U ayrim mojarolarda vositachilik qilgan bo‘lsa-da, ko‘p hollarda kelishuvlar to‘liq amalga oshmagan yoki mojarolar hali ham davom etmoqda. Ayrim nizolar esa urush darajasiga chiqmagan.
Shuningdek, Tramp AQSH Ikkinchi jahon urushidan keyin Grenlandiyani Daniyaga “qaytargani”ni aytdi. Aslida esa AQSH faqat mudofaa uchun javobgar bo‘lgan, orol ustidan suverenitet esa doim Daniyaga tegishli bo‘lib qolgan. 1951 yilda AQSH Daniyaning Grenlandiya ustidan suverenitetini rasman tan olgan.
Euronews xulosasiga ko‘ra, Tramp ba’zi haqiqiy faktlarga tayangan bo‘lsada, ularni siyosiy maqsadda soddalashtirib yoki oshirib ko‘rsatadi. Shu tariqa o‘zining harakatlarini to‘g‘ri ekanligini isbotlashga urinadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/pszyClqEwOU" title="Trampning Davosdagi nutqiga qisqacha sharh" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe> Kenja Bekjonov, Iskandar Ismatov (video), O‘zA