AQSH Prezidenti Buyuk Britaniyaga bordi. Bu Donald Trampning Amerika yetakchisi sifatidagi ikkinchi davlat tashrifi bo‘lib, tarixga eng tantanali qabullardan biri sifatida kirdi.
Ushbu voqeaikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro “alohida munosabat”ni yanada mustahkamlashga qaratilgani ta’kidlanmoqda. Birinchi kun Qirol Karl III tomonidan Tramp uchun rasmiy davlat ziyofati tashkil etildi. Bu marosim ham tarixdagi eng dabdabali tadbirlardan biri sifatida baholandi. Qirol “tinchlikni ta’minlash borasidagi shaxsiy sa’y-harakati” uchun AQSH Prezidentiga minnatdorlik izhor etdi.
– Har ikki jahon urushida yonma-yonyovuzlikka qarshi kurashganmiz, – dedi Qirol. – Bugun ham Yevropada tahdid mavjud va biz hamkor sifatida Ukrainaga yordam berish yo‘lida birlashganmiz.
Tramp esa Britaniya bilan ittifoqni “beqiyos va abadiy” deya baholab, “alohida munosabat” iborasi sheriklik mohiyatini to‘liq aks ettira olmasligi, aloqalar maqomi yanada yuqori ekanini ta’kidladi.
Mazkur ta’rif asosga ega, chunki Trampning Qirolllikka mehri o‘zgacha. Uning onasi Meri Enn Shotlandiyada tug‘ilgan va keyinchalik Nyu-Yorkka ko‘chgan. Donald onasi ulg‘aygan uyni bir necha marta ziyorat qilgan va o‘zining tarixiy ildizlari bilan faxrlanishini ta’kidlagan. Qisqasi, Amerika yetakchisiga bu zamin begona emas.
Albatta, AQSH rahbari Bosh vazir Kir Starmer bilan ham uchrashdi. Muzokarada investitsiya va savdo munosabati, bojxona tarifi kabi muhim sohalardagi hamkorlik masalasi muhokama qilindi.
AQSH kompaniyalari sun’iy intellekt, kvant texnologiyasi va fuqarolik atom energetikasi yo‘nalishlarida Buyuk Britaniyaga 42 milliard dollar sarmoya kiritishga va’da bergani e’lon qilindi.
Tabiiyki, Rossiya – Ukraina urushi va Yaqin Sharqdagi vaziyat ham suhbatning asosiy mavzulariga aylandi. Tramp Qirollikning Ukrainaga yordamini qo‘llab-quvvatladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/hHpk7MlMo60" title="Trampning Buyuk Britaniyaga mehri boshqacha" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>K.Bekjonov, O‘zA