Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Trampni safdoshlari ham tark eta boshladi
18:38 / 2021-01-08

Prezidentlik lavozimini Jo Baydenga bermaslikka qaror qilgan Donald Tramp nihoyat taqdirga tan beradigan ko‘rinadi. Uning otdan tushsa ham egardan tushmaydigan fe’li demokratiya taraqqiy etgan Amerikadek mamlakatda o‘tmasligini 7 yanvar kuni dunyo hamjamiyati kuzatib turdi.

Qaysar siyosatchini endi eng ishongan safdoshlari ham tark etmoqda. Ommaviy axborot vositalari AQSH milliy xavfsizlik kengashining yuqori lavozimli to‘rt nafar xodimi Vashingtonda Kapitoliy binosiga uyushtirilgan tartibsizliklardan so‘ng iste’fo berganini yozmoqda.

Reyter agentligining yozishicha, payshanba kuni AQSH milliy xavfsizlik kengashini Afrika bilan aloqalar bo‘yicha katta direktor Erin Uolsh, mudofaa siyosati bo‘yicha katta direktor Mark Vandroff, ommaviy qirg‘in qurollari bo‘yicha katta direktor Entoni Rujerro hamda Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqasi bo‘yicha katta direktor Rob Grinueylar tark etgan.

Bundan avvalroq Oq uyning hamda prezident ma’muriyatining bir qator xodimlari, jumladan, transport vaziri Eleyn Chao hamda maorif vaziri Betsi DeVoslar o‘z iste’fosini e’lon qilgan edi.  

Reyter agentligi xabarida keltirilishicha, hozir Trampning aksariyat maslahatchilari ham u bilan gaplashishdan o‘zini olib qochmoqda. Natijada Oq uyda Trampga sodiq xodimlar borgan sari kamaymoqda. Masalan, prezident yordamchisi Den Skavino, Jon Makinti, Piter Navarro, spichrayter Stiven Miller va shaxsiy advokat Rudi Julianilar Trampga duch kelmaslikka harakat qilmoqda.

Xullas, Vashingtondagi tartibsizliklar uchun Trampni AQSH demokratlari, mamlakat jamoatchiligi, Senat a’zolari, nufuzli siyosatchilar, hatto o‘zi mansub bo‘lgan respublikachilar vakillari ham ayblamoqda.  

AQSH vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi hamda Senatdagi demokratlar yetakchisi Chak Shumer vitse-prezident Mayk Pensga Donald Trampni o‘z vazifasi bajara olmayotgani bois lavozimidan chetlashishni taklif etgani haqida bayonot bergan, lekin javob olmagani aytiladi xabarda.

AQSH davlat kotibi Mayk Pompeo va moliya vaziri Stiven Mnuchin ham Donald Trampni hokimiyatdan chetlatish uchun konstitutsiyadagi 25-tuzatishni qo‘llash masalasini muhokama etgani aytilmoqda. Biroq ular ushbu qadamdan voz kechgan, deb ma’lum qildi CNBC telekanali. Chunki muhokama ishtirokchilari Trampni lavozimidan chetlatish jarayoni juda ko‘p vaqt olishi sababli samara bermasligini aytib, ushbu qarordan voz kechgan. Shundog‘am Trampning hokimiyatni boshqarish vakolati 20 yanvarda yakuniga yetadi.

7 yanvarda bo‘lib o‘tgan voqealar Trampni ham ancha hushyor torttirgan ko‘rinadi. U Kapitoliyga bostirib kirganlarni qoralagan va hokimiyatni Baydenga topshirishga va’da qilgani aytilmoqda.

Ayni payt Oq uy AQSH prezidentligiga saylangan Jo Baydenga hokimiyatni topshirish ustida ish olib bormoqda. Bu haqda Donald Trampning matbuot kotibi Keyli Makinani ma’lum qilgan.

"Mazkur binoda kimlar ishlayotgan bo‘lsa, barchasi hokimiyatni tartibli ravishda topshirish ustida ish olib bormoqda. Zo‘rovonlikka chek qo‘yish uchun Amerikaning birlashish vaqti keldi. Biz yagona Amerika xalqimiz", – degan Makinani.

Bo‘lar ish bo‘ldi, Kapitoliyga bostirib kirildi, hato qurbonlar ham bo‘ldi. Tramp, nihoyat, hokimiyatni topshirishga rozi bo‘ldi. Endi muammolar ortda qoldimi, degan savol tug‘iladi. Voqealar rivoji esa bunday bo‘lmasligiga ishora qilyapti. Masalan, Vashington federal prokurorligini vaqtinchalik bajarib turgan Mayk Shervin amaldagi prezident Donald Trampni javobgarlikka tortish ehtimoli borligiga ma’lum qildi. Bunga Kapitoliydagi tartibsizliklar sabab bo‘lishi mumkin, deyiladi CNBC telekanali tarqatgan xabarda.

"Biz hamma sub’ektlarning harakatlarini o‘rganyapmiz. Voqeada kim aybdorligi aniqlansa javob berishi kerak", – dedi prokuror jurnalistning ushbu voqealarda Trampning o‘rni haqida bergan savoliga javoban. Barchaga ma’lumki, Trampning raqiblari uni buzg‘unchilikda ayblamoqda.

Mayk Shervin bu gaplarni bekorga aytayotgani yo‘q. 20 yanvarda Trampning prezidentlik muddati tugagandan so‘ng u ayblovga qarshi immunitetdan foydalana olmaydi, deyiladi xabarda.

Internet materiallari asosida Saidmurod Rahimov tayyorladi, O‘zA