Trampga asosiy raqobatchi kim boʻlishi oydinlashmoqda
AQSH demokratlari orasida prezidentlik uchun nomzodlikka daʼvogarlar soni tobora qisqarmoqda.
AQSH demokratlari orasida prezidentlik uchun nomzodlikka daʼvogarlar soni tobora qisqarmoqda. Oʻtgan hafta boʻlib oʻtgan praymeriz natijasiga koʻra, kurashni faqat ikki nomzod, sobiq vitse prezident Jo Bayden hamda senator Berni Sanderslar davom ettira olishi maʼlum boʻlgan edi. Kuni kecha Jo Baydenning yana uchta shtatda qoʻli baland kelgani maʼlum boʻldi.
Shunday qilib, prezident Donald Tramp bilan bellashish uchun kurash maydoniga tobora yaqin kelayotgan siyosatchi Jo Bayden ekani oydinlashib bormoqda, deb yozadi CNN.
Sobiq vitse prezident Bayden Florida, Illinoys va Arizona shtatlarining barchasida asosiy raqibi senator Berni Sanders ustidan gʻalaba qozondi. Baydenning Sandersga qaraganda katta farq bilan (1077 ovozga qarshi 770 ovoz) oldinlab ketganini hisobga olgan telekanal Sandersning poygadan chiqishi yaqin kunlarda maʼlum boʻlishi mumkinligini bashorat qildi.
Maʼlumki, saylov poygasi bilan bogʻliq tadbirlarning bir qismi koronavirus tufayli yoz oyiga koʻchirilgan. Shuningdek, telekanalning taʼkidlashicha, sobiq vitse prezident oʻzini allaqachon partiyadan vakolat olgandek, xursand boʻlib yuribdi.
Trampning raqiblari hamon bir toʻxtamga kela olmayapti. Ularning tarqoqligi esa Trampga qoʻl keladi va u yana prezident boʻlishi mumkin, deyiladi xabarda.
Trampning oʻzi esa, yangi muddatga prezidentlikka nomzodini koʻrsatishi uchun partiyadoshlarining yetarlicha ovozini allaqachon olib boʻlgan.
Kuzatuvchilarning fikriga koʻra, Sanders taslim boʻlishni istamayapti va yaqin orada saylovoldi poygadan chiqib ketishni rejalashtirmayotgan koʻrinadi. Demak, shundogʻam praymeriz choʻzilib ketganidan norozi boʻlayotgan partiyadoshlarining bosim oʻtkazishiga qaramay, oʻjar senator poygada qoladi, deyilmoqda.
Demokratlarning norozi boʻlishiga sabab esa, nomzodni saylab olish jarayonining uzoq choʻzilib ketganidir. Agar jarayon shunday choʻzilaversa, amaldagi prezident Donald Tramp bilan hal qiluvchi kurashda demokratik partiyaning pozitsiyasi kuchsizlanib qolishi hech gap emas, deyishmoqda ular.