Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tramp Zelenskiyni Donbassdan voz kechishga chaqirmagan (+video)
16:45 / 2025-10-20

AQSH Prezidenti Donald Tramp 19 oktyabr kuni “The Financial Times” nashri keltirgan ma’lumotni inkor etdi. Maqolada yozilishicha, go‘yoki, Tramp Ukraina Prezidenti Zelenskiy bilan uchrashuvda unga Donbassni butunlay Rossiyaga berishni taklif qilgan va aks holda, RF “Ukrainani yo‘q qilishi”ni ta’kidlagan.

Aslida, Amerika yetakchisi Ukraina – Rossiya urushi bo‘yicha “hozircha ayni paytdagi front chizig‘ida to‘xtash” va keyingi muzokarada hududiy masalani ko‘rib chiqish kerakligini aytgan.

Tramp Ukrainaga “Tomagavk” raketalari berilishiga rozi bo‘lmagan, bu urushni keskinlashtirishi mumkinligini taxmin qilgan. Suhbatdoshlar orasida Rossiya bilan urushni qanday yakunlash yuzasidan umumiy qarash mavjud esada, buning uchun biror shartni bajarishga kelishilmagan.

Zelenskiy “NBC News” telekanaliga bergan intervyusida Oq uy va Kreml rahbarlarining Budapeshtda o‘tkazilishi rejalashtirilgan muzokarasida qatnashishga tayyorligini ma’lum qildi. Bu qaror AQSH yetakchisi bilan uchrashuv chog‘ida ham bildirilgan. Uning ta’kidlashicha, adolatli va barqaror tinchlikni ta’minlash uchun muzokarada hamma tomon bo‘lishi shart.

Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levitt jurnalistlarga aytishicha, Vashington Zelenskiy Budapesht sammitida ishtirok etishidan umid qilyapti. Zero, Tramp 17 oktyabr kungi uchrashuv oldidan “Zelenskiy Budapeshtga kelmaydi, lekin men u bilan aloqada bo‘laman” – degan.

Muloqotdan so‘ng Tramp ijtimoiy tarmoqda quyidagi fikrni qoldirgan:

– Rossiya va Ukraina armiyalari turgan joyida to‘xtashi kerak. Ikkovi ham g‘alaba haqida e’lon qilsin, qolganini tarixning o‘zi baholaydi. Yetar! Endi urush, o‘lim va behisob xarajat bo‘lmasin!

Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA