Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tramp: YeI Xitoy va Hindistonga 100 foiz boj qo‘ysin
20:14 / 2025-09-10

AQSH Prezidenti Yevropa Ittifoqini Xitoy va Hindistondan import qilinadigan mahsulotlarga 100 foizgacha boj qo‘yishga chaqirdi.

Donald Tramp bunday chora Rossiyani Ukraina bilan urushni to‘xtatishga majbur qilishini ta’kidlagan.

BBS xabariga ko‘ra, bu taklif YeI rasmiylari bilan Rossiyaga iqtisodiy bosimni kuchaytirish masalasiga bag‘ishlangan uchrashuvda bildirilgan.

Ma’lumki, RF hujumi so‘nggi kunlarda keskin kuchaydi. Dam olish kunlari Kiyevdagi hukumat binosiga raketa tushdi, Donbassda nafaqa olish uchun navbatda turgan 20 dan ziyod begunoh odam halok bo‘ldi.

Ukraina oxirgi bir necha kun ichida 810 dron va 13 raketa uchirilganini ma’lum qildi. Tramp bu hujumlardan so‘ng “vaziyatdan norozi”ligini bildirib, Kremlga qarshi yanada og‘irroq sanksiya qo‘llash bilan tahdid qildi.

O‘tgan oy Alyaskada o‘tkazilgan sammit natija bergani yo‘q. AQSH moliya vaziri Skott Bessent Vashington iqtisodiy chorani kuchaytirishga tayyor turgani, biroq bunga Yevropaning faolroq qo‘llovi zarurligini qayd etdi.

Qo‘shma Shtatlar yetakchisi Hindiston bilan savdo muzokarasi davom etayotganini ham eslatib, tez orada Bosh vazir Narendra Modi bilan suhbatlashmoqchiligi, o‘z navbatida Modi ham muloqotdan “muvaffaqiyatli yakun” kutayotganiga urg‘u berdi.

Darvoqe, Xitoy va Hindiston Rossiya neftining asosiy xaridori sifatida ruslar iqtisodiyotini qo‘llab turibdi. Shu bois AQSH yaqinda Hindistondan kirib borayotgan mahsulotlarga 50 foiz soliq joriy qildi.

YeI esa RF gaziga qaramlik tugatilishini aytgan bo‘lsa-da, hozircha ko‘hna qit’a importining qariyb 19 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda.

Demak, Tramp taklifini qabul qilish YeI sanksiyadan savdo chekloviga o‘tishini anglatadi.

Musulmon Ziyo, O‘zA