Tramp yangi turdagi harbiy kemalar yaratilishini ma’lum qildi
AQSH prezidenti “Mar-a-Lago” qarorgohida ikkita yangi toifadagi harbiy kema qurilishini e’lon qildi, deb xabar bermoqda “BBC” nashri.
– Yangi kemalar mamlakatimiz tarixidagi eng yirik jangovar kemalar bo‘ladi, - dedi Tramp. – Ular lazerlar va gipertovushli raketalar bilan qurollantiriladi.
Manbaning yozishicha, dastlab faqat ikkita shunday kema ishlab chiqariladi, keyinroq undan ham ko‘proq bo‘ladi. Kemalarning yangi sinfi “Tramp” deb nomlanadi.
Mazkur kemalar mavjud Amerika kreyserlaridan ancha katta, 1990 yillarda foydalanishdan chiqarilgan “Ayova” sinfidagi jangovar kemalardan biroz kichikroq bo‘ladi. Ularning taxminiy sig‘imi 40 ming tonna bo‘lishi kutilmoqda.
Avvalroq, Fransiya yetakchisi Emmanuel Makron eskirgan “Sharl de Goll” kemasini almashtirish uchun yangi aviatashuvchi kema yaratish rejasini e’lon qilgandi.
G.Sattorova, O‘zA