AQSH Prezidenti Donald Tramp “TikTok” ijtimoiy tarmog‘iga qaytib, bu platformani saqlab qolganini ma’lum qildi. Bu haqda Amerika ommaviy axborot vositalari yozmoqda. O‘z murojaatida ta’kidlashicha, Tramp ushbu tarmoqni yopilishdan asrab qolgani uchun yoshlar undan minnatdor bo‘lishlari kerak:
– Barcha yoshlarga aytaman: bu tarmoqni saqlab qoldim. Demak, mendan qarzdorsiz. Hozir Oq uyda men o‘tiribman. Kun kelib, biringiz shu joyda bo‘lasiz va buyuk ishlarni amalga oshirasiz.
Tramp mazkur platformadagi sahifasi orqali so‘nggi bor o‘tgan yil noyabr oyida ko‘rinish bergan edi. Shu munosabat bilan vitse-prezident Jey Di Vens ham “TikTok” sahifasini qayta faollashtirganini ma’lum qildi:
– So‘nggi oylarda faol bo‘lmadim, asosiy e’tiborni vitse-prezidentlik vazifamga qaratdim. Endi sahifani tiklayapmiz.
Ma’lumotga ko‘ra, sentyabr oxirida Tramp mazkur ijtimoiy tarmoqni amerikalik investorlar guruhiga sotish haqidagi farmonni imzolagan. Hujjatga muvofiq, platforma faoliyati endi mahalliy biznes nazorati ostiga o‘tadi. Yangi tuzilmada asosiy ulush va boshqaruv huquqi amerikalik investorlarga tegishli bo‘ladi. Xitoyning “ByteDance” kompaniyasi hissasi esa 20 foizdan kamayadi.
Bitim qiymati 14 milliard dollarga баҳоланган. “TikTok” yangi investorlari orasida AQSH yetakchisiga yaqin ishbilarmon Jeff Yass (“Susquehanna International”) va Bill Ford (“General Atlantic Partners”) ham bor.
D.Hakimov, O‘zA