French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tramp Xitoyga tahdid qildi (+video)
18:36 / 2025-10-15

AQSH Prezidenti Donald Tramp yana bir bor Xitoyga nisbatan keng ko‘lamli boj joriy etilishi bilan tahdid qildi. U Pekinni AQSH sanoati uchun zarur noyob moddalar eksportini cheklashda ayblamoqda. Bu haqda “The Guardian” xabar bergan.

Ta’kidlanishicha, ayni mazmundagi bayonotdan so‘ng Amerika fond bozori keskin sustlashgan. Yozda Vashington va Pekin munosabati biroz yaxshilanib, Tramp bir necha muzokaradan so‘ng avval joriy etilgan yuqori tariflarni sezilarli darajada kamaytirishga rozi bo‘lgan edi. Kuni kecha esa AQSH rahbari ijtimoiy tarmoq orqali vaziyatga nisbatan norozilik bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Oq uyda Xitoydan AQSHga kelayotgan mahsulotlarga bojni oshirish va boshqa javob choralari ko‘rib chiqilyapti.

Shuningdek, Tramp XXR Raisi Si Szinpin bilan Janubiy Koreyada rejalashtirilgan uchrashuv bekor bo‘lishi ehtimolini bildirib, muzokara uchun “sabab ko‘rmayotgani”ni aytgan. Yodingizda bo‘lsa, bor-yo‘g‘i to‘rt oy oldin AQSH Prezidenti Xitoy bilan munosabatni “zo‘r” deb atagan va boj pasaytirilishi to‘g‘risidagi kelishuvni imzolagan. Bahorda esa Vashington Xitoy tovarlariga soliqni 145 foizgacha ko‘targan, bunga javoban Xitoy ham tarifni 125 foizga chiqargan edi. Keyinchalik tomonlar o‘zaro kelishdi va AQSHda 30, Xitoyda 10 foiz to‘lov belgilandi. 

Trampni o‘ylantirayotgan jihat shuki, bugungi kunda AQSH sanoati Xitoyda qayta ishlanadigan noyob unsurlarga jiddiy muhtojlik sezmoqda. Zero, Chin mamlakati dunyo bo‘yicha qayta ishlanadigan noyob elementlar va shunday moddalardan olinadigan ohanraboning 90 foizidan ko‘pini ishlab chiqaradi. 17 xil bu unsurlar elektromobil, aviatsiya dvigateli kabi yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishda juda muhim sanaladi. 

Pekin joriy hafta eksport nazoratini yanada kuchaytirishi ham Trampning Xitoyga tahdidiga sabab bo‘ldi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/erlmXeoFVg0" title="TrampXitoyga tahdid qildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA