Oq uy rahbari Donald Tramp Venesuelaning o‘tish davri hukumati AQSHga 30–50 million barrel yuqori sifatli neft yetkazib berishini ma’lum qildi, deb xabar berdi DW.
“Bu neft bozor narxlarida sotiladi va tushgan mablag‘larni AQSH prezidenti sifatida, o‘zim nazorat qilaman. Mening nazoratim Venesuela xalqi va Qo‘shma Shtatlar manfaatiga yo‘naltirilish uchun kafolat bo‘ladi”, - deb yozdi Amerika davlati rahbari.
Trampning aytishicha, u AQSH energetika vaziri Kris Raytga ushbu rejani zudlik bilan amalga oshirishni topshirgan.
Venesuela hududidagi neft dunyodagi eng yirik zaxiralar hisoblanadi.
2005 yilgacha bu mamlakat AQSH uchun eng yirik neft yetkazib beruvchi bo‘lgan. Ammo 2007 yilda o‘sha paytdagi Venesuela rahbari Ugo Chaves sanoatni milliylashtirib, jumladan, mamlakatda faoliyat yuritgan Amerika kompaniyalarining mulklarini musodara qilganidan so‘ng vaziyat tubdan o‘zgardi. Harbiy operatsiyadan keyin Tramp AQSH kompaniyalarini Venesuelaga qayta kiritishini va milliardlab dollar sarflab infratuzilmani tiklashini ma’lum qildi.
Venesuelaning vaqtinchalik prezidenti Delsi Rodriges 6 yanvar kuni televideniye orqali qilgan murojaatida Nikolas Maduro AQSH tomonidan qo‘lga olinganidan keyin Venesuela tashqi kuchlar tomonidan boshqarilayotgani haqidagi da’volarni rad etdi. “Mamlakatimizni Venesuela hukumati boshqaradi, boshqa hech kim emas. Venesuela ustidan boshqaruvni amalga oshirayotgan hech qanday xorijiy kuch yo‘q”, - deya ta’kidladi u.
Rodriges, shuningdek, mamlakatda AQSH harbiy operatsiyasi qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan yetti kunlik motam e’lon qilinganini bildirdi. Venesuela hokimiyati ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu operatsiya davomida 24 nafar venesuelalik harbiy halok bo‘lgan. Ilgariroq Gavana Venesuelada xavfsizlikni ta’minlash sohasida xizmat qilgan 32 nafar kubalik fuqaroning halok bo‘lgani haqida xabar bergan edi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/SXYVaKmUcN4" title="Tramp: Venesuela AQSHga neft yetkazib beradi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA