AQSH prezidenti Donald Tramp va Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuv sezilarli natijalarsiz yakunlandi, deb xabar berdi DW.
Siyosatchilarning Palm-Bichda yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan muzokaralari ikki yarim soatdan ortiq davom etgan. Bu yil boshidan beri yetakchilarning to‘rtinchi uchrashuvi bo‘ldi.
Amerika yetakchisi Ukrainadagi janglarni Ikkinchi jahon urushidan beri eng qonli va ehtimol eng yirik mojaro deb atadi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy, o‘z navbatida, 20 banddan iborat tinchlik rejasi 90 foizga amalga oshganini bildirdi.Trampning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq vazifalarning katta qismini Yevropa o‘z zimmasiga oladi, biroq AQSH ham bu borada qo‘llab-quvvatlashga tayyor.
Zelenskiyning aytishicha, bahsli masalalarni yakuniy muhokama qilish uchun ikki davlat vakillari yaqin haftalarda uchrashadi. U shuningdek, Yevropa yetakchilari va Ukraina delegatsiyasi yanvar oyida yana Vashingtonga kelishi mumkinligini aytdi.
Tomonlar Donbassdagi hududlar masalasida hozircha yakdil fikrga kela olmayapti. «Bu masala hal etilmadi,ammo biz yechimga ancha yaqinlashdik. Bu juda murakkab masala, lekin men uni hal qilish mumkin, deb o‘ylayman», -dedi AQSH prezidenti.
Zelenskiy ham, o‘z navbatida, Trampning tinchlik rejasining ayrim bandlari bo‘yicha referendum o‘tkazilishi mumkinligini istisno etmagan.
Tramp eng murakkab mavzulardan biri Zaporoje atom elektr stansiyasi haqida gapirar ekan, bu masalani Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muhokama qilganini aytdi. Demak, kelishuvga umid qilsa bo‘ladi.
Muzokaralar boshlanishidan oldin Amerika va Ukraina prezidentlari Yevropa yetakchilari bilan telefonda suhbat o‘tkazdi. Tramp Zelenskiy bilan muloqotdan oldin Putin bilan ham telefon orqali gaplashgan. Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning bildirishicha, bu suhbat Tramp tashabbusi bilan bo‘lib o‘tgan va 1 soat 15 daqiqa davom etgan.
Ushakovning aytishicha, Putin Alyaska sammiti davomida erishilgan natijalarga tayanish muhimligini ta’kidlagan. Shuningdek, Rossiya prezidenti Trampning maxsus ishchi guruhlari bilan kelishuv bo‘yicha ishni davom ettirish taklifiga rozi bo‘lgan.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/sHpYA8e-310" title="Tramp vaZelenskiy uchrashuvi qanday yakunlandi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjanov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA