AQSH prezidenti Donald Tramp va Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy Florida shtatidagi Mar-a-Lago qarorgohida muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuvdan so‘ng Tramp tomonlar mojarolarni hal qilish bilan bog‘liq masalalarning taxminan 95 foizi bo‘yicha kelishib olganliklarini, agar voqealar ijobiy rivojlansa, bir necha hafta ichida kelishuvlarga erishish mumkinligini ta’kidladi.
Oq uy rahbari shuningdek, kelishuv jarayonining bir qismi sifatida Ukrainaga shaxsan tashrif buyurishga va Oliy Radada nutq so‘zlashga tayyorligini ma’lum qildi. Uning aytishicha, asosiy qarorlar Ukraina jamiyati tomonidan parlament yoki referendum orqali tasdiqlanishi kerak. E’tiborli jihati, Tramp Zelenskiy va Putin bilan yangi muzokaralar o‘tkazish niyatini tasdiqladi.
Ukraina prezidenti matbuot xizmatining rasmiy bayonotida so‘nggi haftalarda Ukraina va Amerika jamoalari tomonidan erishilgan “sezilarli yutuqlar” qayd etilgan. Zelenskiy bir qator hujjatlar allaqachon kelishib olinganini, boshqalari esa yakuniy bosqichda ekanligini bildirdi.
S.Rahimov, O‘zA