Tramp Ukrainaga “Tomahawk” raketalarini yuborishdan oldin Putin bilan gaplashib olmoqchi
Ikki kun ichida Ukraina Prezidenti bilan ikki marta telefon orqali suhbatlashgan AQSH Prezidenti Donald Tramp endi Moskva bilan mojaroni hal qilish va Kiyevga qo‘shimcha qurol yetkazib berish masalasini muhokama qilishga tayyorligini bildirdi.
U AQSH omboridagi aslaha zaxirasi qay miqdorda bo‘lishidan qat’i nazar, Ukrainaga ko‘proq qurol-aslaha berish imkoniyati ko‘rib chiqilishini ta’kidladi.
Kiyevga “Tomahawk” raketalari yetkazib berilishi borasida Tramp Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan “suhbatlashishga to‘g‘ri kelishi mumkinligi”ni bildirdi.
“Ular “Tomahawk” raketalari o‘zlari tomon uchishini xohlaydimi? Men bunday deb o‘ylamayman. Faqat aytishim mumkinki, agar mojaro bartaraf etilmasa, Ukrainaga “Tomahawk” raketalarini beramiz. Aytib qo‘yay, ushbu qurilma aql bovar qilmaydigan darajada hujumkor qurol hisoblanadi”, - dedi Tramp.
S.Rahimov, O‘zA