Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myon bilan muzokara chog‘ida AQSH Prezidenti Donald Tramp Koreya yarim orolidagi muammoni hal qilish uchun Shimoliy Koreya bilan hamkorlik qilishini aytdi.
Uning ta’kidlashicha, bu biroz vaqt talab etadi, “ammo oxir-oqibat hamma narsa hal bo‘ladi”.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, bu gal Amerika tomoni Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bilan uchrashuv jadvali bo‘yicha kelisha olmadi. Shu bilan birga Amerika yetakchisi KXDR rahbari bilan oralarida “juda yaxshi munosabat” borligi, ular “yaxshi chiqishayotgani”ni ham ta’kidlagan.
Rossiya - Ukraina urushi haqida ham gapirgan Tramp ziddiyatni to‘xtatish niyatini yana bir bor tasdiqlagan: Biz 8 mojaroni hal qildik. Yechilmagan yagona muammo - Rossiya va Ukraina. Prezident Putin bilan iliq munosabatim tufayli men buni oson ish, deb o‘ylagandim. Ma’lum bo‘lishicha, masala unchalik oddiy emas ekan. Bu muammoni ham albatta bartaraf qilamiz.
S.Rahimov, O‘zA