Xabaringiz bor, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin yangi “Burevestnik” yadroviy qanotli raketaci “muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgani” haqida bayonot berdi.
AQSH yetakchisi Donald Tramp bu amaliyotni “o‘rinsiz qadam” deya ta’rifladi va Putinni raketa sinash o‘rniga, urushni tugatishga chaqirdi.
– Putin harbiy harakatni to‘xtatishi kerak, – dedi u Osiyo bo‘ylab safari chog‘i bergan intervyusida. – Bir hafta davom etishi ko‘zlangan urush hamon davom etyapti. U raketani sinash emas, balki urushni tezroq tugatishga e’tibor berishi lozim.
Yakshanba kuni Putin RF o‘ziga xos qanotli raketa sinovi o‘tkazgani haqida gapirdi. Kreml bu voqeaga “milliy xavfsizlikni ta’minlash chorasi”ning bir qismi sifatida izoh berdi.
“Burevestnik” sinovi va Rossiya o‘tgan hafta o‘tkazgan yadroviy mashg‘ulot ko‘pchilik tomonidan Vashingtonga qaratilgan navbatdagi belgi sifatida baholandi. Bu Putinning AQSH sanksiyasi va bosimiga bo‘yin egmasligini bildirganidan keyingi amaliy ishidir.
Tramp raketa sinovi haqidagi bayonot “o‘rinsizligi”ni qayd etib, AQSH atom suv osti kemasi o‘z qirg‘og‘ida suzib yurganini Moskva yaxshi biladi, deya qo‘shimcha qildi.
Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA