Jenevada navbatdagi yadroviy muzokara arafasida AQSH rasmiylari Eronni milliy xavfsizlik uchun jiddiy tahdid sifatida ko‘rsatdi. Vashington Yaqin Sharqqa yirik harbiy kuch joylashtirgan bir payt, ikki tomon delegatsiyasi muloqotning uchinchi davrasiga to‘planmoqda. Bu haqda “Reuters” yozdi.
Prezident Donald Tramp Kongressdagi murojaatida Tehron yadroviy dasturini qayta jonlantirayotgani, yaqin orada AQSH hududigacha yetadigan raketalar ishlab chiqishga urinayotgani haqida iddao qildi. Buning ortidan "kelishuvga erishilmasa, Eron uchun “juda yomon kun” kelishi"dan ogohlantirdi. Islom Respublikasi esa ehtimoliy hujumga javoban mintaqadagi Amerika bazalari nishonga olinishini bildirgan.
Davlat kotibi Marko Rubio yadroviy infratuzilmaga zarba berilganiga qaramay, Eron ob’ektlarni tiklashga urinishda davom etayotganiga urg‘u berdi. Uning ta’kidlashicha, Tehron AQSH manfaatiga tahdid soluvchi ko‘p sonli ballistik raketaga ega va ushbu qurollarning ayrimlari Yevropagacha yetib boradi.
Vitse-prezident Jey Di Vens esa AQSHning qarashini qisqa ifodaladi: Eronda yadro quroli bo‘lmasligi kerak. Vashington raketa masalasi muzokara kun tartibidan chetda qolmasligini istamoqda. Tehron esa bu mavzu muhokamasini rad etyapti.
Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chiy Jenevaga yetib kelgach, O‘mon tashqi ishlar vaziri Badr Al-Busaidiy bilan uchrashib, sanksiyani bekor qilish mavzusini muhokama qildi va yadroviy masala bo‘yicha o‘z shartlarini ham ilgari surdi. Xullas, muzokara harbiy bosim va har tomondan keskin bayonotlar asnosida boshlanmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA