So‘nggi payt AQSH – Venesuela munosabati anchayin keskinlashdi. Bunga 19 avgust kuni Oq uy matbuot kotibi Kerolin Levitt mamlakat yetakchisi Donald Tramp Venesuelada harbiy amaliyot o‘tkazish imkoniyatini istisno etmagan holda, giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashda “Amerika kuchining barcha unsurlaridan foydalanish”ga tayyorligini ta’kidlagani sabab bo‘ldi.
Bayonot Bolivar Respublikasi qirg‘og‘iga Amerika harbiy kemalari, jumladan raketa kreyseri va sahnida 4000 nafar dengiz piyodasi borligi taxmin qilinayotgan yadro hujumiga qarshi suv osti kemasi yuborilgandan keyin berildi.
Bugun esa Tramp ijtimoiy tarmoqda amerikalik harbiylar tomonidan xalqaro suv hududida Venesuelaning “Tren de Aragua” to‘dasiga tegishli giyohvand modda olib ketayotgan kemasiga hujum qilinib, 11 terrorchi o‘ldirganini ma’lum qildi.

– Mazkur hujum terrorchilar AQSHga noqonuniy giyohvand modda olib ketayotgan vaqtda uyushtirildi. Amaliyot davomida hech bir amerikalik harbiy xizmatchi jabrlanmagan, – degan Tramp.
Amerika yetakchisi kemani Prezident Maduro nazorat qilayotganini da’vo qilgan.
Venesuela Bolivar militsiyasi qo‘mondoni Orlando Romero avvalroq “RIA Novosti”ga bergan intervyusida AQSH harakatiga izoh berarkan, “Amerika harbiy kemalari Karib dengizida suzib yurishi giyohvand moddalar savdosiga qarshi haqiqiy kurash bilan bog‘liq emas”ligiga urg‘u bergan.
Darvoqe, 8 avgust kuni AQSH Bosh prokurori Pam Bondi Maduroni hibsga olishga yordam beradigan ma’lumot uchun 50 million dollar berilishini e’lon qilgan.

O‘z navbatida Karakas bunday qadamlar buzg‘unchilik, vaziyatni beqarorlashtirishga urinish, shuningdek Karib dengizi mintaqasining qurolsiz va yadrosiz maqomi to‘g‘risidagi xalqaro shartnomalarni buzish sifatida baholandi.
Avvalroq Maduro “imperiya” Venesuela ishlariga aralashishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun 4,5 millionlik Bolivar militsiyasi kuchlaridan foydalanish niyatini bildirgan.

AQSH harbiylarining Venesuelaga qarashli kemaga hujumini kecha AQSH Davlat kotibi Marko Rubio ham tasdiqladi. Uning aytishicha, “harbiylar Karib dengizida Venesueladan suzib chiqqan “giyohvandlik kemasi”ga qarshi “halokatli zarba” bergan.
S.Rahimov, O‘zA