AQSH prezidenti Donald Tramp Kuba hukumatini neft bo‘yicha kelishuv tuzishga chaqirdi va aks holda Karib orollari Venesueladan neft va moliyaviy yordam olish imkoniyatidan mahrum bo‘lishi bilan ogohlantirdi. Bu haqda Evronews xabar berdi.
Trampning ta’kidlashicha, Kuba ko‘p yillar davomida Venesueladan katta hajmda neft va mablag‘lar olib kelgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yordam evaziga Kuba Venesuela rahbariyatiga xavfsizlik xizmatlarini taqdim etgan.
«Ko‘p yillar davomida Kuba Venesueladan kelgan katta hajmdagi neft va pul hisobiga yashadi. Bunga javoban Kuba oxirgi ikki venesuelalik diktatorga xavfsizlik xizmatlarini ko‘rsatdi. Bu holat endi hech qachon takrorlanmaydi!» - deb yozdi Tramp. «Men ularga kech bo‘lmasidan kelishuv tuzishni qat’iy tavsiya qilaman», - deya qo‘shimcha qilgan u.
Bu ayblovlar Gavanada keskin reaksiyaga sabab bo‘ldi. Kuba tashqi ishlar vaziri Bruno Rodriges Trampning bayonotlarini rad etib, Kuba hech qachon xavfsizlik xizmatlari uchun moliyaviy yoki moddiy kompensatsiya olmaganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, Kuba istagan davlat bilan savdo aloqalarini o‘rnatish huquqiga ega. Kuba tashqi ishlar vaziri, shuningdek, mamlakat tahdid yoki bosim ostida savdo munosabatlarini yo‘lga qo‘ymasligini ta’kidladi. U xalqaro huquq Gavana tomonida ekanini aytib, AQSHni jinoyatkorona va imperialistik xatti-harakatlarda aybladi.
So‘nggi kunlarda Tramp Kubaga nisbatan ehtimoliy harbiy aralashuv haqidagi tahdidlarini kuchaytirdi. Yakshanba kuni u ijtimoiy tarmoqda “Marko Rubio Kuba prezidenti bo‘ladi” degan yozuv aks etgan post joylab, unga: «Menimcha, yomon emas!» - degan izohni qo‘shdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/da9rZUKWa38" title="Tramp: Kubaga kech bo‘lmasidan oldin kelishuv taklif qilaman" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA