Maduro hokimiyatdan chetlatilgandan so‘ng Kuba o‘zining eng muhim ittifoqchisidan ayrildi va keng ko‘lamli iqtisodiy falokat xavfini his qilmoqda, deyiladi Yevronyus bergan xabarda.
Venesueladagi Maduroni ag‘darish operatsiyasi oqibatlaridan eng ko‘p zarar ko‘rgan ikkinchi davlat Kuba bo‘ldi, deyish mumkin. Gavana rasmiylariga ko‘ra, Karakasda Kubaning 32 nafar fuqarosi, ya’ni Kuba qurolli kuchlari xodimlari halok bo‘lgan.
Kuba nafaqat asosiy siyosiy ittifoqchisidan, balki qiynalayotgan iqtisodiyoti uchun muhim tayanchdan ham mahrum bo‘ldi. Shu bilan birga, Vashington tomonidan navbatdagi nishon bo‘lishi mumkinligi haqida ochiq ogohlantirishlar ham yangramoqda.
Kuba harbiylarining Venesuelada bo‘lishi Gavana va Karakas o‘rtasidagi yaqin hamkorlikning yorqin namunasidir, - deydi Germaniyaning Global va mintaqaviy tadqiqotlar instituti siyosatshunosi Bert Xoffmann Euronews ga bergan intervyusida.
Uning ta’kidlashicha, Venesuela 2000-yillar boshida Ugo Chaves va Fidel Kastro yaqinlashganidan beri Kubaning eng muhim siyosiy ittifoqchisi bo‘lib kelgan.
1999 yilda, prezidentlikka nomzod bo‘lgan Chaves Gavanada Kuba inqilobi yetakchisi Fidel Kastro bilan uchrashgan edi. Keyingi o‘n yilliklarda bu ittifoq yanada mustahkamlandi. Maduro Kubada ta’lim olgan edi, shu bois o‘zini Gavana qo‘llab-quvvatlaydigan mafkuraning davomchisi sifatida ko‘rsatib kelgan.
Natijada, kubalik amaldorlar Venesuelaning razvedka tizimida muhim lavozimlarni egalladi. Gavana esa Karakasga shifokorlar va tibbiy xodimlar yuborib, evaziga siyosiy qo‘llab-quvvatlash hamda arzon neft olib turdi.
So‘nggi oylarda Venesuela Kubaga har kuni taxminan 35 ming barrel neftni juda arzon narxlarda yetkazib bergan. Xoffmannning fikricha, Venesuela nefti Kuba uchun juda muhim bo‘lgan.
AQSH Kuba rejimini harbiy aralashuvsiz ham ag‘darishi mumkin, buning uchun orolni Venesuela neftidan to‘liq uzsa kifoya, degan xavotirli taxminlar ham bor. Chunki, hozirgi vaziyatda Venesuelaning yangi rahbariyati uchun Kubani qo‘llab-quvvatlash muhim bo‘lmay qolish ehtimoli yuqori.
Albatta, «Ozodlik oroli» Rossiya, Eron yoki arab davlatlaridan muqobil neft ta’minotini so‘rashi mumkin. Biroq Gavanaga ochiq yordam berish har qanday yangi ta’minotchini AQSH tomonidan sanksiyalar va bosimlar nishonga aylantirishi mumkin, - deydi Xoffmann.
Kuba hozir tarixidagi eng og‘ir iqtisodiy inqirozni boshdan kechirmoqda. So‘nggi yillarda mamlakat iqtisodiyoti taxminan 4 foizga qisqargan, faqat 2025 yilning o‘zidagi pasayish 1,5 foizni tashkil etgan. Inflyatsiya 20 foizdan oshgan, oziq-ovqat, dori-darmon va yoqilg‘i tanqisligi deyarli hamma joyda sezilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, iqtisodiy jihatdan Kuba barcha investitsiyalarni turizm sohasiga yo‘naltirgani uchun yutqazmoqda. Chunki turizm har qanday inqiroz va siyosiy beqarorlikka o‘ta sezgir tarmoq hisoblanadi.
Siyosatshunos Bert Xoffmannning eslatishicha, 1959 yilgi Kuba inqilobidan beri kommunistik rejimni yo‘q qilish, zaiflashtirish yoki kamida yakkalash AQSH siyosatida ustuvor maqsad bo‘lib kelgan. Tramp uchun esa Maduroning ag‘darilishi bu orzuni amalga oshirish imkoniyatidir.
- Kuba, chamasi, qulashi arafasida. Ularning, qanday qilib omon qolishi mumkinligini bilmayman. Chunki, hozir Kubaning deyarli hech qanday daromadi yo‘q. Barcha daromad Venesuela neftidan kelar edi”, - dedi yaqinda AQSH prezidenti Donald Tramp.
Shu bilan birga, siyosatshunosning aytishicha, Venesueladagi voqealarga qaramay, Gavanadagi rahbariyat hozircha o‘z o‘rnini saqlab turibdi. “Rejim qulaganidan keyin nima bo‘lishi mumkinligidan qo‘rqish hissi siyosiy elitani birlashtirib turuvchi kuchli omildir. Ular Maduro atrofidagilarning bu bo‘hrondan qanday qilib chiqishini diqqat bilan kuzatishadi va ularni qanday jazolashar ekan, degan xavotir bor”-degan u.
AQSH davlat kotibi, kubalik muhojirlar oilasidan chiqqan Marko Rubioning fikriga ko‘ra, Gavanadagi siyosatchilar xotirjam bo‘lmasliklari kerak. AQSHning Kubaga nisbatan rejalari haqida batafsil gapirishdan qochib, “Agar men Gavanada yashaganimda va hukumatda ishlaganimda, biroz xavotir olgan bo‘lardim”, - dedi u jurnalistlarga bergan intervyusida.
Ayni paytda, Kubani dengiz orqali to‘liq blokada qilish, ehtimoliy ssenariy sifatida ko‘rilmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/y3R0S517LN4" title="Tramp: Kuba qulash arafasida" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA