Tramp kriptovalyuta savdosidan 300 million dollardan ortiq mablag‘ ishlab oldi
AQSH prezidenti Donald Tramp va uning ittifoqchilari yanvar oyida «TRUMP» kriptovalyutasi ishga tushirilgandan so‘ng, ustama to‘lovlaridan 300 million dollardan ko‘proq daromad olishdi, deb xabar bermoqda “Newsmax” telekanali.
Qayd etilishicha, so‘nggi ikki kun ichida ushbu summaning 900 ming dollari olingan.
«TRUMP» kriptovalyutasining 200 nafar eng yirik egalari Qo‘shma Shtatlar yetakchisi bilan Vashingtondagi kechki ovqatga taklif qilinishi haqida e’lon chiqqandan keyin tanganing bozor qiymati 50 foizga oshib ketdi va 2,7 milliard dollarga yetdi.
Ertaga Trampning Vashintondagi golf-klubida prezident ishtirokida yopiq kechki ziyofat uyushtiriladi. Taklif etilganlarning 25 nafari uchun davlat rahbari bilan oliy darajadagi uchrashuv va Oq uy bo‘ylab sayohat ko‘zda tutilgan.
S.Rahimov, O‘zA