AQSH prezidenti Donald Tramp agar Kanada Xitoy bilan savdo kelishuvi tuzadigan bo‘lsa, unga qarshi 100 foizlik boj joriy qilishini ma’lum qildi. Trampning bu bayonoti Vashington-Ottava munosabatlarida keskinlikni yana bir bosqichga olib chiqdi.
Kanada bosh vaziri Mark Karni shanba kuni e’lon qilgan videomurojaatida Trampning tahdidiga bevosita to‘xtalmadi. U kanadaliklarni mahalliy mahsulotlarni xarid qilishga chaqirib, tashqi bosimlar fonida ichki imkoniyatlarga tayanish zarurligini ta’kidladi.
– Biz boshqa davlatlar nima qilishini nazorat qila olmaymiz, ammo o‘zimiz uchun eng yaxshi mijoz o‘zimiz bo‘la olamiz, -dedi u.
Joriy oy boshida Karni XXRga tashrif buyurdi va sovuqlashgan munosabatlarni tiklashga urinib, muhim moliyaviy kelishuvlarga erishgan edi. Qizig‘i shundaki, o‘sha paytda Tramp bu qadamni ijobiy baholab, jurnalistlarga bergan intervyusida “Agar Karni Xitoy bilan kelishuv tuza olsa, bu yaxshi ish”, degan edi.
Keyinchalik esa pozitsiya keskin o‘zgardi. Kanada–AQSH savdosi uchun mas’ul vazir Dominik Leblanning aytishicha, Xitoy bilan “erkin savdo bitimi” haqida gap yo‘q, faqat ayrim muhim boj masalalari bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.
So‘nggi kunlarda AQSH–Kanada o‘rtasidagi taranglik Karni Trampning Grenlandiya masalasidagi siyosatini tanqid qilganidan keyin yanada kuchaydi. Tramp esa Xitoy Kanadadan AQSH bojlari chetlab o‘tiladigan “oraliq hudud” sifatida foydalanmoqchi bo‘lishi mumkinligini iddao qildi.
Ekspertlar fikricha, agar Tramp tahdidi amalda bajarilsa, bu Kanada sanoati uchun jiddiy zarba bo‘lishi mumkin. Metallurgiya va mashinasozlik kabi tarmoqlar kuchli bosim ostida qoladi.
Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida so‘zlagan Karni esa global tartib o‘zgarayotganini aytib, “o‘rta qudratli davlatlar” birlashmasa, yirik kuchlar tomonidan qurbon qilinishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
Musulmon Ziyo, O‘zA