AQSH prezidenti Donald Tramp Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Rossiya neftini xarid qilishni to‘xtatishga rozi bo‘lganini ma’lum qildi. Trampning ta’kidlashicha, Vashington va Dehli boj tariflarini bekor qilishni nazarda tutuvchi savdo kelishuviga erishgan. Modi ham buni tasdiqlagan, biroq Rossiya nefti haqida hech qanday fikr bildirmagan.
Kelishuvga asosan, AQSH Hindistondan import qilinadigan tovarlarga boj tariflarini 25 foizdan 18 foizga tushiradi, Hindiston esa AQSHdan import uchun barcha boj va to‘siqlarni bosqichma-bosqich bekor qilish sari harakat qiladi. AQSH prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Hindiston yetakchisi energetika, texnologiya, qishloq xo‘jaligi sohalarida 500 milliard dollardan ortiq qiymatdagi Amerika mahsulotlarini xarid qilishga ham va’da bergan.
«Dunyodagi ikki yirik iqtisodiyot va eng katta demokratik mamlakatlar hamkorlik qilsa, bu xalqlarimiz uchun foyda keltiradi va o‘zaro hamkorlik uchun ulkan imkoniyatlar ochadi», - deb yozdi Modi va Trampni «qadrdon do‘stim» deb atadi.
Reuters agentligining yozishicha, Rossiyaga qarshi G‘arb sanksiyalari joriy etilganidan keyin Hindiston dengiz orqali yetkaziladigan Rossiya neftining asosiy xaridorlaridan biriga aylangan edi. Bundan tashqari Moskva Dehliga katta chegirmalar taqdim etgani aytiladi. Biroq, Tramp e’lon qilganidek, Hindiston Rossiya neftidan voz kechgani haqidagi xabarga Moskva hozircha munosabat bildirmadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Furr_sLRzcU" title="Tramp: Hindiston Rossiya neftidan voz kechdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA