AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi o‘tkazilgan harbiy amaliyotni samarali, deb baholab, ushbu harakat natijasida Oliy Rahbar Ali Humonaiy halok bo‘lgani, yuz bergan voqealardan so‘ng Vashington uchun Tehron bilan kelishuvga erishish imkoniyati ancha oshganini bildirdi.
"CBS News" telekanaliga bergan intervyusida Tramp muzokarani hozir amalga oshirish avvalgi kunlarga nisbatan osonroq bo‘lishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron jiddiy mag‘lubiyatga uchragan. Amerika yetakchisi shanba kuni amalga oshirilgan hujumni "mamlakat va butun dunyo uchun muhim kun" deb atadi.
Shu bilan birga, Eronning ehtimoliy javob harakati bilan bog‘liq vaziyat diqqat bilan kuzatilayotganini aytdi. Ta’kidlanishicha, amalga oshirilgan javob zarbasi AQSH va ittifoqchilar kutganidan kuchsizroq bo‘lgan. "United States Central Command" ma’lumotiga ko‘ra, Eron hududidagi amaliyot chog‘ida amerikalik harbiylar orasida halok bo‘lganlar yoki jarohatlanganlar qayd etilmagan.
Isroilga javob hujumi natijasida bir kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odam jarohat olgan. Abu-Dabida ham bir nafar qurbon bor. "Red Crescent Society of Iran" esa Eronga hujumlar oqibatida 200 nafardan ko‘p odam halok bo‘lganini ma’lum qildi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA