AQSH prezidenti Donald Tramp Erondagi namoyishchilarga murojaat yo‘llab, Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qildi, deb xabar berdi Deutsche Welle.
AQSH prezidenti o‘z murojaatida Erondagi norozilik namoyishlarida qatnashuvchilarni mamlakatdagi davlat muassasalarini egallab olishga chaqirgan.
“Eronlik vatanparvarlar, namoyishlarni davom ettiring va davlat muassasalarini egallab oling! Qotillar va zo‘ravonlarning ismlarini yodingizda saqlang. Ular hammasi uchun javob berishadi. Namoyishchilarni o‘ldirilishi to‘xtamaguncha, Eron rasmiylari bilan barcha uchrashuvlarni bekor qildim. Yordamni kuting”, - degan Tramp o‘z murojaatida.
Tramp murojaatini MIGA degan qisqartma so‘zlar bilan yakunlagan. Bu “Make Iran Great Again”, ya’ni “Eronni yana buyuk qil” degan ma’noni anglatadi.
Avvalroq AQSH hukumati ommaviy namoyishlar boshlangach o‘z fuqarolarini zudlik bilan Eronni tark etishga chaqirgan edi.
Shuningdek, AQSH fuqarolariga Erondan quruqlik yo‘li orqali Armaniston yoki Turkiyaga chiqib ketish imkoniyatini ko‘rib chiqish maslahat berilgan.
Bundan avval Donald Tramp AQSH Tehronga nisbatan “juda keskin” choralarni ko‘rib chiqayotganini ma’lum qilgan edi. The New York Times gazetasi ma’lumotlariga ko‘ra, harbiylar Trampga Eronga zarbalar berishning bir nechta variantlarini taqdim etgan. Biroq, Oq uy rahbari hali yakuniy qaror qabul qilmagan edi.
Erondagi namoyishlar mamlakatning 60 dan ortiq shaharlarini qamrab olgan. Hukumat chiqishlarni kuch bilan bostirishga urinayapti, ammo mamlakatda bir necha kundan beri internet ishlamayotgani sababli voqealar haqida ishonchli ma’lumotlar kam.
Kenja Bekjonov, O‘zA