Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tramp: Erondagi harbiy operatsiya to‘rt haftagacha davom etishi mumkin (+video)
15:50 / 2026-03-02

AQSH prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi boshlangan harbiy amaliyot kamida yana to‘rt hafta davom etishi mumkinligini bildirdi. Bu haqda u Daily Mail nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi. Suhbat 1-mart, yakshanba kuni e’lon qilingan.

Trampning ta’kidlashicha, operatsiya reja asosida olib borilmoqda va vaziyat to‘liq nazorat ostida. U AQSH Eron rahbariyatining yuqori bo‘g‘iniga jiddiy zarba berganini da’vo qildi.  

Shu bilan birga, Oq uy rahbari Eron bilan qo‘shimcha muzokaralar o‘tkazish imkoniyatini ham istisno qilmadi. Biroq bunday muloqot qachon amalga oshishi haqida aniq ayta olmasligini bildirdi.

1-mart kuni Donald Tramp Amerika xalqiga yana murojaat qildi. U halok bo‘lgan uch nafar amerikalik harbiy uchun qasos olishga so‘z berdi, Tehronga yangi ultimatum yo‘lladi hamda fuqarolarni erkinlik uchun kurashda birlashishga chaqirdi. Daily Mail’ning qayd etishicha, bu Trampning so‘nggi 48 soat ichidagi ikkinchi rasmiy murojaati bo‘ldi.

Avvalroq, The Atlantic nashriga bergan intervyusida Eron hukumatini muzokaralar borasida sustkashlikda ayblagan edi. Uning aytishicha, so‘nggi haftalarda Vashington aloqa qilgan ayrim eronlik muzokarachilar havo zarbalari oqibatida halok bo‘lgan.  

28-fevral tongida Isroil va Qo‘shma Shtatlar Tehron hamda Eronning boshqa hududlariga zarba berdi. Tramp bu harakatlardan maqsad Islom Respublikasining yadroviy dasturini yo‘q qilish ekanini ma’lum qildi. Shuningdek, u Eron armiyasini qurolni tashlashga, mamlakat aholisini esa vaziyatni o‘z qo‘liga olishga chaqirdi.

Eron esa javob tariqasida Isroil va Yaqin Sharqdagi boshqa davlatlar hududiga zarbalar berdi. Biroq 1-mart kuni berilgan yangi ma’lumotga ko‘ra, mazkur zarbalar oqibatida AQSHning uch nafar harbiysi halok bo‘lgan, yana besh nafari og‘ir yaralangan.

Shu bilan birga, Isroil–Amerika harbiy amaliyotining ikkinchi kuni Eron tomoni zarbalar natijasida mamlakat oliy rahbari Oyatulloh Ali Humonaiy, shuningdek bir qator yuqori lavozimli harbiy tuzilmalar vakillari, jumladan mudofaa vaziri Aziz Nosirzoda hamda Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni Muhammad Pokpur halok bo‘lganini tasdiqladi.

Hozircha vaziyat keskinligicha qolmoqda. Rasmiy bayonotlar va harbiy harakatlar mintaqadagi xavfsizlik muhiti yanada murakkablashganini ko‘rsatmoqda.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/w4iTy4m-ROE" title="Tramp: Erondagi harbiy operatsiya to‘rt haftagacha davom etishi mumkin" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov,  O‘zA