Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi havo hujumlari natijasida mamlakatning asosiy harbiy salohiyati “deyarli yo‘q qilinganini” bildirdi.
U Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan uchrashuvda Tehron harbiy-dengiz kuchlari, havo kuzatuv tizimlari va radiolokatsiya infratuzilmasi zarbalar natijasida ishdan chiqqanini ta’kidladi. Shu bilan birga, Tramp Eron bilan bog‘liq keyingi qadamlar haqida aniq strategiyani ochiqlamadi.
Uning aytishicha, AQSH ehtimoliy yangi rahbar sifatida ko‘rib chiqqan Eronning ayrim siyosiy shaxslari so‘nggi zarbalar oqibatida halok bo‘lgan.
– Biz o‘ylagan ko‘pchilik odamlar allaqachon halok bo‘ldi, endi boshqa bir guruh bor, ammo ular ham halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin, – dedi Tramp.
Shu kuni Eron ommaviy axborot vositalari Isroil zarbalari Qum shahridagi Ekspertlar kengashi binosiga yo‘naltirilganini xabar qildi. Bu kengash mamlakatning oliy diniy rahbarini tanlash vakolatiga ega. Isroil tomoni bino butunlay vayron qilinganini ma’lum qilgan bo‘lsa, Tehron rasmiylari u yerda hech kim jabrlanmagani va bino oldindan bo‘shatilganini ma’lum qildi.
Tramp avval eronliklarni hukumatga qarshi chiqishga chaqirgan edi, biroq bu safar u namoyishchilarni shoshilmaslikka undadi. Mers esa AQSH-Isroil amaliyotini qo‘llab-quvvatlashini bildirib, nizo tezroq tugashi kerakligini urg‘uladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mojaro neft va gaz narxlariga ta’sir qilib, jahon iqtisodiyotiga bosim o‘tkazmoqda.
Tramp shuningdek, Yevropa liderlarini ham “nishonga” oldi. U Britaniya bosh vaziri Kir Starmerni keskin tanqid qildi, Ispaniyani ham AQSH samolyotlariga harbiy bazalardan foydalanishga ruxsat bermagani uchun “yomon pozitsiya”da ayblab, ular bilan savdo munosabatlarini cheklash ehtimolini ham istisno etmadi.
Musulmon Ziyo, O‘zA